Get Mystery Box with random crypto!

Bugun Senatning navbatdagi yalpi majlisi o'tkazildi. Unda sena | Ilyos Safarov

Bugun Senatning navbatdagi yalpi majlisi o'tkazildi. Unda senatorlar 4 ta qonunni deputatlar qayta ishlashi uchun ortga qaytarib yubordi.

Holatni ayrim blogerlar Senat faoliyatida jonlanish kuzatilayotgani bilan izohlamoqda. Ammo meni bu kabi vaziyatlarda Senat chindan jonlandimi yoki ahamiyati kamroq qonunlarni OAV ko'zi uchungina ortga qaytaryaptimi, degan savol o'ylantirmoqda.

Kuzatishlarim bo'yicha, shu yil Senat tomonidan ortga qaytarilgan qonunlar ichida hukumatga keskin qarshi boradigan, katta qonunlar yo'q. Bu o'rganilishi, tahlil qilinishi kerak bo'lgan birinchi jihat.

Ikkinchidan, Senat ortga qaytargan har bir qonun uchun senatorlar va deputatlar ishtirokida kelishuv komissiyasi tuzilishi va qonundagi kamchiliklar birgalikda tuzatilishi kerak (to'g'ri, deputatlarda Senat tasdiqlamagan qonunini to'g'ridan-to'g'ri prezidentga yuborish imkoniyati ham bor, lekin bizning parlament bu kabi amaliyotni ko'rmasa kerak).

Shunday qilib, o'sha qaytarilgan har bir qonun uchun mana shunday yarashuv komissiyalari chindan tuzilayotganmikin? Ishlayotganmikin?

Uchinchidan, o'rganishlarim bo'yicha Senat ortga qaytarayotgan qonunlarning aksari Adliya vazirligi tashabbus qilgan qonunlar. Bu tasodifmikin? Yoki Senat va Adliya vazirligi o'rtasidan qachondir ola mushuk o'tdi-yu, men xabarsiz qoldimmi?

Kun davomida yozilgan xabarlar lentasiga bir-bir qarab chiqarkanman, shu kabi savollar o'ylantirib qo'ydi. Bu savollardan Senat faol bo'lmasin degan ma'no chiqmaydi. Aslo.