Get Mystery Box with random crypto!

Administratsiya rahbariga o'rinbosar bo'lgan Komil Allamjonov | Ilyos Safarov

Administratsiya rahbariga o'rinbosar bo'lgan Komil Allamjonov o'z bizneslaridan voz kechadimi?

Komil Allamjonov Prezident Administratsiyasi rahbariga o‘rinbosar etib tayinlandi.

U farmon chiqqan 26-iyul sanasidan e'tiboran Prezident administratsiyasida jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosatiga mas'ul bo'ladi.

Allamjonovga kirishayotgan lavozimida omad tilayman. Eng muhimi, xalqimiz uchun manfaatli bo'lsin. Jamoatchilik kayfiyati haqida faqat haqqoniy ma'lumotlar kirib boraversin prezidentga. Tayinlov haqida bundan boshqa fikrim yo'q.

Ammo yangilikni o'qirkanman, menda boshqa tabiiy bir savol tug'ilmoqda: Xo'p, Allamjonov davlatning yuqori lavozimida ish boshlarkan, u shu paytga qadar o'zining yurituvida bo'lgan bizneslaridan voz kechadimi? Kechishga majburmi?

Hozircha Allamjonovga tegishliligini bilganim "Milliy TV" telekanali va Yagona imtihon markazlari bor. U bu tarmoqlarning o'ziga tegishli ekani haqida OAVga bergan qator intervyularida ham gapirgan.

Shu savol bo'yicha izlanarkanman, natijalar meni shu yil 26-may kuni Senat tasdig'idan o'tgan va hozir katta ehtimol bilan Prezident administratsiyasi kabinetlarida aylanayotgan hujjat – “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuniga to'qnashtirdi.

Ma'lumot uchun, ushbu qonunda:

davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash ochiq tanlov asosida amalga oshirilishi;

davlat fuqarolik xizmatchisi o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslarning aynan bitta davlat organi va tashkilotida birga xizmat qilishi mumkin emasligi;

pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi;

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxslar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinmasligi;

korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan lavozimlarni egallab turgan davlat fuqarolik xizmatchilarining majburiy rotatsiya qilinishi;

xizmat vakolatlarini boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olish qat'iy ta'qiqlanishi;

o‘z daromadlari hamda mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etishi shartligi;

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, chet elda ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga haqli emasligi;

odob-ahloq qoidalariga rioya etish shartligi;

davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishi;

o‘z xizmat mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi;

davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanishi shartligi kabi muhim normalar belgilab qo'yilmoqda.

Ammo qonunni hali prezident imzolagani yo'q. Davlat rahbari imzolamaguncha esa qonun rasman yuridik kuchga ega bo'lmaydi.

Demak, "Davlat fuqarolik xizmati to'g'risida"gi qonun prezident tomonidan imzolanmaguncha Komil Allamjonov o'z bizneslarini sotishga qonunan majbur emas, lekin imzolangan taqdirda, u shunga majbur bo'ladi.

Umuman, faqat Allamjonov keysida emas, O'zbekistondagi yuzlab boshqa holatlar misolida ham kutilayotgan shu qonunning tezroq qabul qilinishi davlat va jamiyat, shuningdek, boshqaruvdagi ochiqlikning ta'minlanishi uchun ham foydali ish bo'lardi.

@haqiqatdaIlyos