Get Mystery Box with random crypto!

Toshkent shahar Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi poytaxtda | Ilyos Safarov

Toshkent shahar Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi poytaxtda ogohlantirilmagan tarzda bo'layotgan elektr uzilishlari uchun uzr so'rab chiqibdi.

Ammo men ekranga qarab o'qib berilgan bu bayonotga ham, uning samimiyligiga ham ishonmadim.

Adashmasam, har bir injener tarmoqlari loyihalashtirilayotganda unga bo'ladigan o'rtacha va maksimal yuklamalar hisobga olinishi kerak. Injenerlik loyihalari esa hech qachon o'rtacha quvvat bilan belgilanmaydi.

Unda doim maksimal zo'riqish, quvvat belgilanadi. Bunda o'rtacha va maksimal ko'rsatkichlar bir-biridan 50 foizgacha farq qiladi. Ammo bayonotni eshitsangiz, aytilayotgan ortib ketish foizi 20ga ham borayotgani yo'q.

Shuning uchun bu bayonotga umuman ishonmadim.

Bu yerda vazirlik hamma muammo ortiqcha elektrda emas, energetika sohasi uchun ajratilgan pullar butunlay noto'g'ri yo'nalishlarga sarflanganini tan olishi kerak (garchi bunga ishonmayman).

Masalan, sohaga ajratilgan pullar o'tgan yillar davomida elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko'paytirishga emas, elektr hisoblagichlarni almashtiraverish kabi behuda ishlarga sarflangandek.

Buni nimaligini tushunish uchun so'nggi o'n yilda uyingizdagi elektr hisoblagichlarni necha marta almashtirishganini bir eslab ko'ring.

Shuningdek, so'nggi yillarda vazirlik tomonidan 60-70 -yillardan qolgan eski transformatorlarni yangilash o'rniga boshqa bir qator keraksiz loyihalarga ham qo'l urildiiki, bu umuman samara bermadi.

Bugungi holat ana shu noto'g'ri yuritilgan siyosatning natijasi bo'lyapti, nazarimda.

Chunki bir narsa aniq, agar elektr energiya bo'lsa, uni taqsimlash oson, bo'lmagan energiyani taqsimlash esa qiyin.