Get Mystery Box with random crypto!

​#bepul_oliygohlar Bugun oʻqish bepul boʻlgan navbatdagi oliy | Hujjat topshirish jarayonlari

​#bepul_oliygohlar

Bugun oʻqish bepul boʻlgan navbatdagi oliygoh – Germaniyaning Myunxen shahrida joylashgan Ludwig Maximilian University of Munich (LMU) universitetining magistratura bosqichida oʻqish haqida maʼlumot beramiz.

Hozirda 52 mingga yaqin talaba oʻqiydigan mazkur universitet dunyoning eng nufuzli oliygohlaridan biridir. Jumladan, LMU, 2023-yil mart oyi holatiga koʻra, THE reytingi boʻyicha dunyoning eng yaxshi oliygohlari roʻyxatida 33-oʻrinni egallab turibdi.

Xarajatlar

– LMUda magistratura bosqichida oʻqish mahalliy talabalar uchun ham, xorijiy talabalar uchun ham bepul, yaʼni kontrakt summasi toʻlanmaydi.

– Biroq talaba har semestrda semestr badali va transport chiptasi uchun toʻlov qilishi kerak. Bu toʻlov 2023-yil mart oyi holatiga koʻra, quyidagicha (keyingi semestrlarda biroz oʻzgarishi mumkin):
a) semestr badali (1 semestr uchun) – 62 yevro;
b) transport chiptasi (1 semestr uchun) – 66,5 yevro. Chipta talabaga jamoat transportidan bepul foydalanish imkonini beradi.

Universitetda bundan boshqa toʻlov mavjud emas.

ESLATMA: Ayrim qoʻshma (boshqa taʼlim muassasasi bilan birga oʻtiladigan) magistrlik dasturlari uchun kontrakt summasi toʻlanadi. Bu summa LMUga emas, 2-taʼlim muassasasiga toʻlanadi.

Yoʻnalishlar

Magistrlik yoʻnalishlari nemis yoki ingliz tilida oʻqitiladi. Ayrim nemis tilida oʻqitiladigan yoʻnalishlar ingliz tilini ham bilishni talab qilishi mumkin.

Hozirda universitet 31 ta ingliz tilida oʻqitiladigan magistrlik yoʻnalishlarini taklif etadi. Ularning toʻliq roʻyxati – BU YERDA.

Nemis tilida magistrlik oʻqitiladigan yoʻnalishlar bilan BU YERDA tanishing.

Talablar

Ingliz tilidagi yoʻnalishlarda oʻqish uchun nomzoddan, yoʻnalishiga qarab, IELTS 6.5 yoki 7.0 soʻraladi.

Nemis tilida oʻqitiladigan yoʻnalishlar uchun odatda nemis tilini C1 darajada bilish va buni til sertifikati (TestDAF yoki boshqa) bilan isbotlash lozim.

Qabulga oid boshqa talablar yoʻnalishga qarab nihoyatda farq qiladi. Shu sababli barcha talablar bilan kerakli magistrlik yoʻnalishi sahifasiga kirish orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Hujjatlar

Barcha yoʻnalishda qabul uchun soʻraladigan hujjatlar quyidagilardan iborat:
– Onlayn ariza shakli (saytda toʻldiriladi)
– Bakalavriatdagi baholar
– CV
– Til sertifikati

Yoʻnalishga qarab, yuqoridagilardan boshqa hujjatlar ham soʻralishi mumkin.

Qabul sanalari

Aksariyat yoʻnalishlarga yiliga 2 marta – qishki va kuzgi semestr uchun qabul boʻladi.

Lekin qabul sanalari ham yoʻnalishga qarab juda farq qiladi. Masalan, hozir (2023-yil 14-mart) kuzgi yoki qishki semestr uchun hozirda ariza qabul qilinayotgan yoʻnalishlar ham, kuzgi semestrga qabul tugaganlari ham, qishki semestr uchun hali boshlanmaganlari ham bor.

Qabul sanalarni bilish uchun kerakli yoʻnalish sahifasiga tashrif buyuring (yuqorida nemis va ingliz tilidagi yoʻnalishlar uchun havola berilgan).

Savolim bor edi, sizlardan soʻrasam boʻladimi?

Afsuski, bu borada alohida savollarga javob bera olmaymiz. Universitet saytida barcha maʼlumotlar berilgan. Savollaringiz boʻlsa, saytga kirib, mustaqil javob topishingiz mumkin.

@grantlar_namuna