Get Mystery Box with random crypto!

​​​#bepul_oliygohlar Bugun oʻqish bepul boʻlgan navbatdagi ol | Hujjat topshirish jarayonlari

​​​#bepul_oliygohlar

Bugun oʻqish bepul boʻlgan navbatdagi oliygoh – Germaniyaning Halle shahrida joylashgan Martin Luther University of Halle-Wittenberg (MLU) haqida maʼlumot beramiz.

1502-yil tashkil etilgan mazkur oliygohda hozirda 19 300 dan ortiq talaba tahsil oladi. Universitet dunyoning eng nufuzli oliygohlari sirasiga kiradi. Jumladan, 2023-yil mart oyi holatida, MLU QS reytingi boʻyicha dunyodagi eng yaxshi universitetlar roʻyxatida 477-oʻrinni egallab turibdi.

Xarajatlar

– Mahalliy talabalar uchun ham, xorijiy talabalar uchun ham universitetda oʻqish bepul, yaʼni kontrakt summasi toʻlanmaydi.

– Biroq talabalar har bir semestr uchun 56,1 yevro (taxminan 62 AQSH dollari) miqdorida semestr badali toʻlashi kerak.

– Shuningdek, har bir semestr uchun 60 yevro (taxminan 68 dollar) transport chiptasi uchun toʻlov qilinadi. Bu chipta talabaga shahardagi jamoat transportlaridan 1 semestr davomida bepul foydalanish imkonini beradi.

Universitetda oʻqish uchun bundan boshqa xarajatlar mavjud emas.

Yoʻnalishlar

Universitetda aksariyat yoʻnalishlar (kurslar) nemis tilida oʻqitiladi.

Biroq ingliz tilida oʻqitiladigan bir nechta yoʻnalishlar mavjud. Ular quyidagilar:

Bakalavriatda faqat 1 ta:
– B.Sc. Business Economics

Magistraturada 5 ta:
– M.Sc. Economics: Data Science and Policy
– M.Sc. Pharmaceutical and Industrial Biotechnology
– M.Sc. Polymer Materials Science
– M.Sc. Molecular and Cellular Biosciences
– M.Sc. Biodiversity Sciences

Nemis tilida oʻqitiladigan kurslar bilan BU YERDA tanishishingiz mumkin.

Talablar

Ingliz tilida
oʻqitiladigan bakalavriat kursi uchun kamida IELTS 6.0 yoki TOEFL iBT 72 talab etiladi.

Ingliz tilidagi magistrlik kurslarining ayrimlari uchun IELTS 6.0, baʼzilari uchun 6.5 talab etiladi. Aniq til talabini kerakli magistrlik kursi sahifasiga kirib, koʻrib olish mumkin.

Nemis tilidagi kurslar uchun esa nemis tilini sertifikati topshirish lozim (yoʻnalish va bosqichlariga qarab, nemis tilini B2, C1 yoki boshqa daraja talab etilishi mumkin).

Qolgan barcha talablar bilan kerakli kurs sahifasiga kirib, tanishib olishingiz mumkin.

Qabul

Bakalavriat
bosqichi uchun qabul har yili 15-yanvar va 15-iyulgacha davom etadi. 2023-yil qishki semestr uchun hozirda (2023-yil 11-mart holati) hujjatlar qabul qilinmoqda.

Magistratura kurslarining aksariyati uchun hujjatlar 15-dekabr va 15-iyungacha qabul qilinadi (qishki semestr uchun hujjatlar qabul qilinmoqda). Biroq baʼzi yoʻnalishlar uchun qabul sanasi farq qiladi. Qabul sanasini aniq bilib olish uchun kerakli magistrlik kursining sahifasiga tashrif buyuring.

Mazkur universitetga toʻgʻridan-toʻgʻri hujjat topshirib boʻlmaydi. Universitetga kirmoqchi boʻlganlar Germaniyadagi Uni-assist tizimi orqali hujjatlarini topshirishi lozim. Qabul haqida BU YERDA batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

Savolim bor edi, sizlardan soʻrasam boʻladimi?

Afsuski, bu borada alohida savollarga javob bera olmaymiz. Universitet saytida barcha maʼlumotlar berilgan. Savollaringiz boʻlsa, saytga kirib, mustaqil javob topishingiz mumkin.

@grantlar_namuna