Get Mystery Box with random crypto!

Donolar. Donolar hayotni kuzatolmas jim. Axir tashvish-u gʻam | Gʻarib shoir

Donolar.

Donolar hayotni kuzatolmas jim.
Axir tashvish-u gʻamlarga koʻmilgan dunyo.
Hayotda betashvish yashagandur kim?
Gʻussasiz insonlar - barchasi roʻyo.

Donolar hayotni kuzatolmas jim.
Yolgʻon-u nokaslik toʻlgan dunyoni.
Oddiy xalq qiynalgan, tamagir hokim,
Baʼzi bir ayollar yechgan hayoni.

Donolar hayotni kuzatolmas jim.
Ularda ham hasrat, dard, alam bisyor.
Qalbiga shaytonlar aylaydi hujum,
Ular ham kurashar takror va takror.

Donolar hayotni kuzaturlar jim.
Nima ham kelardi banda qoʻlidan?
Boshga kulfat tushsa, sabr qilar jim.
Nolimoq yarashmas hayot yoʻlidan.

Donolar hayotni kuzaturlar jim.
Sababni goʻzal qilib, natija kutar.
Niyatga yetkazsa, shukur aylar jim,
Shukurning ortidan ziyodga yetar.

Donolar hayotni kuzaturlar jim.
Sukut saqlamoqlik soʻzlashdan qiyin.
Toʻgʻri, sukut qilar yurakni tilim,
Odam qiynaladi soʻzsizlik sayin.

Donolar hayotni kuzaturlar jim
Axir tashvish-u gʻamlarga koʻmilgan dunyo...

Gʻarib shoir.