Get Mystery Box with random crypto!

48-modda. Yuridik shaxsning javobgarligi Yuridik shaxs o‘z ma | Fuqarolik kodeksi |🇺🇿 | Фуқаролик кодекси

48-modda. Yuridik shaxsning javobgarligi

Yuridik shaxs o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Davlat korxonasi va mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlanadigan muassasa o‘z majburiyatlari bo‘yicha ushbu Kodeks 72-moddasi beshinchi qismida hamda 76-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida javob beradilar.

Yuridik shaxs muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining egasi yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassis (ishtirokchi) yoki mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, ushbu Kodeksda yoki yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Agar yuridik shaxsning nochorligi (bankrotligi) shu yuridik shaxs uchun majburiy ko‘rsatmalarni berish huquqiga ega bo‘lgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan bo‘lsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
Muassis (ishtirokchi) yoki yuridik shaxs mol-mulkining mulkdori shu yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega.

Yuridik shaxs uchun majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘lgan muassis (ishtirokchi) yoki mulkdor yuridik shaxsning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida nochor (bankrot) bo‘lib qolishini oldindan bilib, o‘z huquqidan uning ana shunday harakatni amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan holdagina yuridik shaxsning nochorligi (bankrotligi) ularning tomonidan vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.

@fuqarolik_kodeksi