Get Mystery Box with random crypto!

Amerikada o‘zbek ovqatlarini sog‘inmaganim haqida Chet elga, | Floridiston

Amerikada o‘zbek ovqatlarini sog‘inmaganim haqida

Chet elga, ayniqsa, umumiy aholisining ratsioni o‘zbeklarnikidan ancha farq qiladigan Amerika davlatiga ketgan hamyurtlardan agar "nimani ko‘proq sog‘inasiz" deb so‘ralsa, ota-onasi, yaqinlaridan keyin shu "o‘zimizning ovqatlarni" deb javob berishadi.

Men Amerikaga kelganimga 1,5 yilcha vaqt bo‘ldi, o‘zimizning ovqatlarimizni uncha sog‘inmadim. Har holda, sog‘ingan narsalarimning ro‘yxatini qilib chiqsam, 5- punktdan keyinda tursa kerak bu masala.

Balki bu mening bu yerda o‘zbek oila bilan yashaganim va har hafta kamida ikki-uch marta o‘zbekcha taomlar yeb turganim bilan bog‘liqdir. Ehtimol.

Lekin AQSh o‘zi "fud kantri" — ovqatlar mamlakati. O‘zbekcha bo‘lmasa, afg‘oncha, bo‘lmasa hindcha (pakistani deydi, endi o‘sha-da, hammasi o‘xshash) yoki turkcha ("Mediterranean" deydi bular, shu turkcha, grekcha degandek gap hammasi bu) ovqatlarni topasiz. Undan tashqari, menimcha shu arablarning, yana boshqa ilojini qilib topganingiz halol yemaklar ham teshib chiqmaydi.

Immunitetga, qonga, umuman organizmga foydasi bor ko‘p narsalar bor Amerikada. Bor bo‘lgani bir, yana arzon ham. Qaysi ma‘noda arzon? Masalan, bir tugun banan (5-6 ta bo‘ladi-ku, bir g‘ujanagida) 2-2,5 dollar turadi. Men hozir San Fransiskodagi narxni aytyapman, boshqa shaharlarda bundan ham arzon topish mumkindir.

Amerikada O‘zbekistonda topish qiyin yoki topilsa ham qimmat foydali mahsulotlar ko‘p. Ularga masalan quyidagilarni kiritgan bo‘lardim:

- avokado,
- kokos suvi,
- qizil baliq (lasos) va o‘zi umuman dengiz mahsulotlari,
- o‘rmon mevalari (bular "berries" deydi, o‘zimizda bo‘lmagani uchun, menimcha, o‘zbekcha nomlari ham yo‘q. Shu golubika, chernika, klyukva)
- ananas va boshqa sitrus mevalar,
- pishloqlarning har xili,
- xurmo, faqat Ramazon oyida emas, yil bo‘yi topsa bo‘ladi va arzon. Menimcha, shu Kaliforniyada yetishtiriladi. Yanayam xudo biladi.

Bir kam dunyo-da endi. U narsa bo‘lsa, bunisi bo‘lmaydi. To‘g‘ri, ko‘p O‘zbekistondagi narsalarni bu yerda topish qiyin, ammo ovqat bu eng og‘riqli, eng alamli qurbonlik emas.

Alamli qurbonliklar haqida keyinroq yozaman.