Get Mystery Box with random crypto!

#chaqchaqlashaylik Galo nima va uning o‘zbekcha muqobili borm | So'zdin_so'z

#chaqchaqlashaylik

Galo nima va uning o‘zbekcha muqobili bormi?

Oy qo‘rg‘onlanishi hodisasi haqida avval ham gaplashgan edik. Ushbu hodisa yuz berganda, Oy atrofida paydo bo‘ladigan halqa fan tilida GALO deb yuritiladi. “O‘zbekiston Milliy ensiklopedoyasi” da bu haqida shunday ma’lumot berilgan: GALO (fransuzcha halo, yunoncha halos — Quyosh yoki Oy gardishi) — atmosferada sodir bo‘ladigan optik hodisa. Asosan muz kristallaridan tashkil topgan patsimon qatlamli baland bulutlarda yorug‘likning sinishi va qaytishi natijasida ro‘y beradi. Galo ko‘pincha yorug‘ rangdor doyra, doyra yoyi, yorug‘ ustunchalar, dog‘lar va boshqa shakllarda Quyosh yoki Oy atrofida kuzatiladi.

“Galo” so‘zining o‘zbekcha muqobili yo‘qmi?” degan tabiiy savol o‘rtaga chiqadi!

"O‘zbek tilining izohli lug‘ati” da bu so‘z ham muqobili ham berilmagan. Lekin “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati” da quyidagi ta’rif juda ahamiyatlidir:
HOLA Oy va quyosh atrofidagi gardish;
Ul turfa chehra doiraning chambari aro,
Xurshid davrasida aningdekkim holadur (Xazoyi ul maoniy).
Qamarg‘a bo‘yla tosh o‘lgach havola,
Bo‘lub qalqon aning olida hola (Farhod va Shirin).

Yuqoridagi qoida va misollardan ko‘rinib turibdiki, Alisher Navoiy galo so‘zini “hola” tarzida ishlatgan. “Hola” so‘zi bilan doira, chambar, davra, xurshid, qamar so‘zlarining kelishi ham so‘zimizni dalillaydi. Bundan tashqari, Navoiy ijodidagi quyidagi bayt ham aynan o‘sha galo hodisasi va unga bog‘liq so‘zlar bilan birgalikda kelyapti.
Dema ul pari yuzini qilibdur ihota halqayi zulfikim,
Falaki latofat uza oning birisi qamar, biri holadur (Navoiy)

Hola so‘zini nafaqat Navoiy, balki Zahiriddin Muhammad Bobur ijodida ham uchratish mumkin:
Barcha pariylar, ey jon, girdingda zor hayron,
Go‘yo erur namoyon oy tegrasinda hola (Bobur).

Bundan kelib chiqadiki, “Galo” ni XV-XVI asrlarda bobolarimiz bilishgan va “Hola” deya ishlatishgan. Endi buning asli kelib chiqishi, negizi haqida ham birozgina izlanish olib borishgina qoldi, xolos. Chunki bu so‘z arabiy so‘z bo‘lib yunonlar o‘zlashtirganmi yoki aksinchami, hozircha bizga noma’lum. Asosiysi, ajdodlarimiz shu so‘zni ishlatgan va biz ham shuni ishlatishimiz maqulroq.

Do'stlaringizni ham taklif qilishni unutmang.
https://t.me/farqi_bormi