Get Mystery Box with random crypto!

​​ALISHER NAVOIY XIYOBONI MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT MASKANIGA AYL | Farg'ona/Ixtisoslashtirilgan maktablar

​​ALISHER NAVOIY XIYOBONI MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT MASKANIGA AYLANDI

Joriy yilning 9 fevral kuni Farg‘ona shahrida buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyga tavalludining 582 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Xayrulla Bozarov Navoiy haykali poyi atrofida ma’naviyat va ma’rifat maskani tashkil etish, bu yerni aholi madaniy hordiq oladigan joyga aylantirish taklifini bildirgandi. Xususan, Navoiyxonlik kunlari, Navoiy g‘azallariga bitilgan qo‘shiqlar tadbiri, mushoiralar o‘tkazish kerakligini, xiyobonni yanada ko‘kalamzorlashtirish, o‘rindiqlar sonini ko‘paytirish, bepul Wi-fi zona tashkil etish hamda QR-kodli kutubxonalar o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar belgilandi.

Qisqa fursat ichida Farg‘ona shahar hokimligi tomonidan xiyobon viloyat hokimi tavsiyalari asosida yangicha chiroy ochib, o‘zida bir qancha imkoniyatlarni mujassam qildi. Endi u ijodkorlarning, aholining haqiqiy ma’naviyat va ma’rifat maskaniga aylandi.

Bugun yangi qiyofa kasb etgan xiyobon ijodkorlar, ziyolilar hamda yoshlarni "Nazm va navo" kechasida jamladi. Tadbirda qatnashgan Farg‘ona shahar hokimi Vosiljon Nazarov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Mas’udjon Sulaymonovlar barcha yig‘ilganlarni muazzam xiyobonning imkoniyatlari bilan tanishtirib, uning ma’naviyat va adabiyot rivojiga xizmat qilishiga, yoshlarning adabiy muloqot maydoniga aylanishiga umid bildirdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Dilshoda Ergasheva, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilari va Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Nilufar Ergashevalar o‘z dil izhorlarida bu yerdagi o‘tkaziladigan tadbirlar an’anaga aylanishini ta’kidladi.

Hazrat Navoiy g‘azallari bilan kuylangan qo‘shiqlar, yosh ijodkorlar tomonidan aytilgan she’rlar kechaga fayz kiritdi. Endilikda bu kabi tadbirlar tizimli o‘tkazib boriladi.