Get Mystery Box with random crypto!

Ikki dasta gulni olgancha, avtobus o‘rindig‘iga horg‘in cho‘k | Hayot falsafasi 🍃

Ikki dasta gulni olgancha, avtobus o‘rindig‘iga horg‘in cho‘kkaladim.
- Guldastalaringni kimga olgansan?-sovuqdan junjikkan otaxon eski telpagini xiyol ko‘targancha so‘radi.
- Ota-onam..,-hali endigina og‘iz juftlagandim, otaxon:
- Gulni nima qilardi ota-onang, bolam. Bir nonu bir novvot bilan yo‘qlasang, jannat shunda!-horg‘in so‘zlagan otaxonning gaplari qaltirab chiqdi.
- Bolalarim uzoq yillardan beri chetda ishlab yuribdi. Bir nonu, bir novvot bilan kirib kelar, deb kutmagan kunimiz yo‘q. Gohida pul jo‘natishadi. Pulda taft bormidi? Gohida videovizipmi, allambalo qilishadi. Videovizipida mehr bormi, bolam?..-otaxon choponining yenglari bilan ko‘z yoshlarini artdi.

... Avtobus to‘xtadi. Otaxon tushishga chog‘landi. Beixtiyor otaxonga ergashdim. U sovuq bo‘lishiga qaramay, bekat o‘rindig‘iga o‘tirdi. Yuragim izilladi.
- Guldastalarni ushlab turing, otajon, men tezda kelaman!-otaxondan javob ham kutmay, guldastalarni uning qo‘llariga tutdim.

Bekatning naryog‘idagi do‘konga yugurdim. Non, novvot, holva, qan-qurs va yumshoq yeguliklar oldim. Otaxonga gullarni qanday tutqazgan bo‘lsam, shunday ushlab turardi.

- Sovqotdiyzmi, otajon!?
- Barakalla, gapimga kirib, ota-onangga nonu novvot ham olibsan!-qo‘limdagi sumkaga ishona qildi otaxon kulib.
- Yo‘q, otajon... Bu sizga va onaxonga!
Otaxon og‘iz juftlamoqchi edi, guldasta ushlagan qo‘llaridan tutdim:
- Biz ota-onamizga endi nonu novvot ololmaymiz. Iltimos, rad etmang, farzandimdan deb qabul qiling! Bu gullar ota-onamning qabriga..,-ko‘zlarimdan izzillab yosh oqdi.

***
Otaxon Gʻijduvondan ekan. Haydovchidan otaxonni uy manziligacha oborib qo‘yishini so‘radim.
...Mashina ortidan qancha vaqt qotib qarab qoldim, bilmadim, qo‘llarim muzlab qolgan, gullarni ko‘tarishgayam majolsiz edi...

Laylo Hayitova sahifasidan olindi.

@falsafasi_hayot