Get Mystery Box with random crypto!

#QORBOBO. Salom Qorbobo! Birinchi bor siz haqingizda eshi | Erkinboyev Bahodirjon | blogi

#QORBOBO.

Salom Qorbobo!


Birinchi bor siz haqingizda eshitganimda goʼdak edim. Menga xabar berishgan ediki, siz yangi yil kechasi moʼridan sovgʼalar toʼla qopingiz bilan uyga kirib bizga oʼyinchoqlar berar ekansiz. Tabiiyki, oʼsha oqshom uyimizning moʼrisi boʼlmasada sizni intizor boʼlib kutdim. Hatto xayolimga kelmabtiki, sizning kiyiklaringiz va aravangiz moʼri tugul uyimiz tomida ham sigʼmas ekan.
Muhimi siz kelmadingiz. Men oʼzimcha uyimizda moʼri yoki boshqa sharoitlar boʼlmagani uchun kelmadingiz deb oʼylaganman oʼshanda. Siz haqingizda menga soʼzlab bergan ustozimizga oʼsha kecha sizni shiftga qarab qanchalar intizorlik bilan kutganimni aytib berdim. U menga dedi:


- Qorbobo faqat moʼridan keladi-da!


Men ustozimga dedim:
- Uylarida moʼri boʼlgan bolalar oʼyinchoqlarga muhtoj emas.
Ustozim menga dahshat ila boqib dedi:
- Qorboboga bir maktub yozib uni paypogʼing ichiga solib qoʼy. Unga bu mulohazangni ayt!
Tabiiyki, men sizga maktub yozishga qaror qildim.

Аmmo paypoqlarimning bari yirtiq edi. Butun paypogʼim yoʼq ekan. Soʼng sizga maktub bitish fikridan qaytdim.
Oʼsha kecha onamdan menga sovgʼa sotib olishlarini soʼradim. Onam avliyo. Аmmo u kishi haqiqiy avliyo. Sizdek emas. Koʼp namoz oʼqiydilar. Qurʼon tilovat qiladilar. Uyga moʼridan emas, eshikdan kiradilar. Onam menga:
- Inshaalloh bir haftadan soʼng oʼyinchoq sotib olib beraman, dedilar
- Nega bir haftadan soʼng?
- Chunki biz boshqalarga oʼxshamasligimiz lozim.
- Boshqalar kim? Uylarida moʼri borlarmi?
- Yoʼq! Boshqalar deganim qorboboning borligiga va moʼridan tushishiga ishonadiganlar.
- Kiyiklar va aravachi?
Onam tabassum qilib meʼroj voqeasini aytib berdilar. Jabroil alayhis salom Makkaga kelib Muhammad alayhis salomni Buroqqa mindirib Baytul Maqdisga olib ketadilar.
Odam alayhis salomning birinchi osmonda ekanliklarini, Ibrohim alayhis salomning yettinchi osmonda ekanliklarini, Muso alayhis salomning biz uchun ellik vaqt namozni besh vaqtga tushishiga sababchi boʼlganliklarini aytib berdilar.
Oʼsha kundan boshlab sizning kiyiklaringizga emas, Buroqqa iymon keltirdim, ishondim.
Katta boʼldik. Shiftga, moʼriga qaramaydigan boʼldik. Chunki tepadan tushadigan yagona narsa Iyso alayhis salom ekanlar. U kishi moʼridan emas, samodan tushadilar. Uyimizga emas, Dimashqdagi oq minora ustiga tushadilar. U kishi oʼyinchoqlar xaltasi bilan emas, Dajjolni oʼldiradigan oʼq bilan tushadilar. U kunda oʼynashga vaqt boʼlmaydi.
Katta boʼldik. Аngladikki, Iyso alayhis salom bizniki ekanlar. Sizniki emas. Yoʼqsa Vatikanga yoki Sankt Peterburgga tushar edilar. Katta boʼlib angladikki, kiyiklar uchmas ekan. Osmonimizda uchadigan yagona narsa F-16 samolyotlari va goʼdaklarimizni osmonga uchirib yuborgan Cy-35 samolyotlari ekan.
Katta boʼlib bildikki, garchi Rum Yevropa ittifoqi yonida boʼlsa ham Rum ekan. Fors garchi olovga ibodat qilmasada fors ekan.
Katta boʼlib bildikki, sizlar yolgʼonchi ekansizlar. Chunki Baytulahmning bolalari Gʼazzaning bolalarini qatl qilinishiga rozi emas ekan.
Qorbobo! Biznikiga kelmang! Chunki "Rafah yoʼlagi" siz uchun yopiq. Uylarimizda moʼri yoʼq. Diyorimizda oʼzi uy ham qolmadi. Bolalar Suriya-Turkiya chegarasidagi qochoqlar chodirida. Ularga oʼyinchoq emas, sovuqdan oʼlmasliklari uchun adyollar kerak. Umar oʼlgan. Safar qilib oʼzingizni qiynamang. Kiyiklaringizga azob bermang. Biz farzandlarimizga Buroq, Jabroil alayhis salom haqida, Iyso alayhis salom haqlarida, ularning oʼyinchoq bergani emas, farzandlarimiz tinch yashashi uchun Dajjollarni oʼldirishga kelishlari haqida soʼzlab beramiz!

Аdham Sharqoviy.
"al-Jazira qoralamalari".

@erkinboyevb