Get Mystery Box with random crypto!

Ta’limdagi korrupsiya (1/2) Ta’limni korrupsiyadan tozalash, | Economix

Ta’limdagi korrupsiya (1/2)

Ta’limni korrupsiyadan tozalash, kamida korrupsiya holatlarini minimallashtirishni ta’limdagi korrupsiya bilan bog‘liq barcha “Nimaga?” degan savollarga javob berishdan boshlash kerak, nazarimda. Darvoqe, taʼlimdagi korrupsiya faqat domla-talaba oldi-berdisidan iborat emas, bu ota-onalar yoki taʼlim muassasasida, aytaylik, qorovullik uchun potensial nomzoddan pora oladigan mudiralardan tortib rektorlargacha boʻlgan butun boshli tizim. Masalan, nimaga ota-onalar bolasini bogʻchaga/maktabga/universitetga kirgazib qoʻyish uchun pora beradi? Nimaga oʻqituvchilar yoki boshqa turdagi kadrlar taʼlim muassasasiga ishga kirish uchun pora beradi? Nimaga taʼlim muassasidagi turli mansabdorlar yoki oʻqituvchilar pora oladi? Qanaqa omillar ularga turtki beryapti?

Eng asosiy ikkita faktorni keltirmoqchiman: birinchidan, tengsizlik kuchli, ikkinchidan, korrupsiya uchun jazo muqarrar (yoki keltirilayotgan zararni kompensatsiya qila oladigan darajada yetarli) emas.

Tengsizlik kuchli: bogʻchada, maktabda, universitetda, har qanday taʼlim muassasasida va hududlararo taʼlimda tengsizlik kuchli. Bu taʼlim muassasasining hamma jihati: taʼlim xizmati sifati, shart-sharoiti, moddiy-texnik bazasi, oʻqitish metodikasi, kadrlar va ilmiy salohiyati va boshqalarni qamrab olgan. Taʼlim muassasalarining ana shu jihatlari oʻrtasidagi tafovut juda katta. Ota-ona, aksariyat hollarda, bolasini yaxshiroq bogʻchada/maktabda/universitetda oʻqishini xohlab, pora beradi, yoki boshqa tarafdan, bolasi kimgadir oʻxshab 5/4/3 ololmagani uchun, qaysidir maʼnoda, uni oʻsha kimdir bilan tenglashtirish maqsadida pora beradi.

Taʼlim muassasalariga ishga joylashishda pora berish bilan ham taxminan shunday: koʻpincha, potensiali aslida oʻsha joyda ishlash uchun yetarli boʻlmagan holda pora berish orqali ishga joylashadi, sababi salohiyati yuqori, kamida yetarli boʻlgan kadrlar har doim ham pora evaziga joylashavermaydi. Bundan tashqari, ayrim oʻqituvchilar yoki boshqa xodimlar oylik daromadi bilan bogʻliq tengsizlikni kompensatsiya qilish uchun pora olishadi.

Ikkinchi omil - jazo muqarrar emas. Shuning uchun mansabdor yoki oʻqituvchilar pora olishdan qoʻrqmaydi va korrupsiya allaqachon tabiiy hol, hatto qadriyat darajasiga chiqib ulgurgan. Baʼzi hollarda esa korrupsiya uchun tayinlangan jazo shunaqangi arzimas boʻladiki, odamlar jazosi shu boʻladigan boʻlsa, korrupsiyaviy jinoyatni qayta takrorlashgayam rozi boʻlaveradi.

@economix4all