Get Mystery Box with random crypto!

Jigar Akasining ishlari yurishmay qoldi. Bir kunda, hech qand | Doctors of Philosophy (PhD)

Jigar

Akasining ishlari yurishmay qoldi. Bir kunda, hech qanday ogohlantirishsiz ishdan bo‘shatib yuborishdi. Akasi qolib Imronga tashvish tushdi. To‘g‘rida, akasining uyi bo‘lak, farzandi kichkina, kelinoyisi ham ishlamaydi. U ota-onasi bilan qolgan, ro‘zg‘ori badastir.
Akasi bir oy ish topa olmadi. Yuragi siqilib, uni o‘zining ishxonasiga olib ketdi.
Oshxonada ishlaydi. Oshpaz. Bir damlaganda 6 ta qozonda osh damlaydilar. Quruvchilarga xizmat ko‘rsatadigan bu tashkilot nonushta, tushlik, asrda beriladigan yengil taom va kechki ovqat tayyorlaydi. Imron hali kollejni bitirmayoq ish boshlagani sababli pishib ketgan.
Boshlig‘iga akasi haqida aytganida uni ham o‘zidek tasavvur qildimi, osongina ko‘ndi.

Xushnud gazetada, ozoda sharoitda ishlab o‘rgangan. Shu paytgacha bitta piyoz archib ko‘rmagan. Ukasining mehnatini ko‘riboq qochib ketgisi keldi. Qop-qop sabzilarni tozalab, to‘g‘rash—ertangi masalliqni tayyorlash bilan tun yarim bo‘ldi. Xushnudning qani qo‘li kelishsa! Harakat qiladi, uddasidan chiqolmaydi. "Aka, siz siqilmang, to‘g‘ramasangiz ham mayli, siz uchun ham o‘zim ishlayman, yonimda o‘tiring',- shatirlatib sabzi to‘g‘ragancha gapirib qo‘yadi Imron. Ukasi o‘nta to‘g‘raganda bitta sabzini amallab to‘g‘ragan bo‘ladi..
Ikki soat uxladimi, yo‘qmi, uyg‘onib ketdi, chiqsa ukasi oshpazlar bilan besh yuz kishi uchun nonushta tayyorlayapti. Yordamga oshiqdi. O‘zidan uyaldi, nahotki qo‘lidan oddiy tuxum qovurish ham kelmasa?
Tushlik tayyorlash undan ham azob ekan. Baravar o‘t yoqilgan oltita qozonga tinimsiz yugurayotgan ukasini ko‘rib, yordam berishga oshiqadi. Na o‘tin yoqishni biladi, na zirvak tayyorlashni. "Aka, qo‘yavering, o‘zim eplayman, o‘t qalayotgandek yonimda tursangiz bo‘ldi, ikki kishi uchun ham o‘zim ishlayman!"
Xushnud u qozondan bu qozonga yugurayotgan polvonkelbat ukasiga qarab o‘zidan xafa bo‘ldi. "Mana nimaga dam olish kunlari dong qotib uxlar ekan bu! Nimaga uyimga chaqirib suhbatlashaylik desam, o‘tirgan joyida uxlab qolar ekan bu! Shinam xonada o‘tirib nolisam, bir marta nolimabdi-ya! Men ham yuk bo‘lmay, qo‘limdan kelmaydi, o‘rnimga o‘ziga o‘xshagan bir polvon oshpazni ishga olsa, ishi yengillashadi, bugunoq ketishim kerak!"
U narsalarini yig‘ishtirib ketishga xozirlandi.
Ukasini mahkam bag‘riga bosib "Jigar, hammasi uchun, rahmat, eplolmadim, uzr, seni ham uyatga qo‘ydim"-dedi." Aka, man siz bilan hamisha faxrlanganman, hali hammasi yaxshi bo‘ladi! Siz eng yaxshi jurnalisti bo‘lasiz, bunga ishonaman", -dedi.

Uyda hech vaqo yo‘q edi, xotini ovqat qildimikan?Birdan telefoniga xabar keldi. Kimdir pul tashlabdi. Kattagina miqdorda. Yuragi hapqirib ketdi.
Kim tashlashi mumkin? O‘pkasi to‘lib turgan bo‘lsa-da, o‘zini bosib onasiga qo‘ng‘iroq qildi
—Onajonim, rahmat sizga
—Tinchlikmi? Nima munosabat bilan, bolam?
—Shunday uka tug‘ib berganingiz uchun...
Keyin ukasiga xabar jo‘natdi
"Boringga shukur, jigar!"

Feruza Salxodjayeva

@Donishmandlik_uyi