Get Mystery Box with random crypto!

'QALBI CHO‘LOQLARDAN QO‘RQING...' (Ibratli voqeiy hikoya) | Doctors of Philosophy (PhD)

"QALBI CHO‘LOQLARDAN QO‘RQING..."

(Ibratli voqeiy hikoya)

Qiroati ham, ovozi ham go‘zal bu yigit o‘sha paytlarda o‘z yurtida ko‘pchilikka tanilgan, to‘y-hashamlar, ilm majlislari uning qiroatisiz o‘tmas, qiroat boshlashi bilan davradagi erkaklar qolib, tashqarida kuymalanib yurgan xotin-xalaj ham hamma ishini tashlab eshik oldiga yugurib kelar, hamma tinib, sel bo‘lib yig‘lab Qur’on tilovatini tinglar edilar. Uning ovozi shirali bo‘lish bilan birga, o‘ziga xos dard bilan, shikastalik bilan qiroat qilar, kichkinagina jussasiga nisbatan ancha kuchli bo‘lgan shirali ovozi ko‘plarni maftun etgandi. Ko‘plar qatori uni ham. Qiz ayni yetilib ko‘zga ko‘ringan, sovchilar tinmay kelayotgan payti, lekin uning ko‘ngli o‘sha qori yigitda, uning ovozidagi dard qalbiga yetib borgan,lekin buni qanday qilib qiz bola boshi bilan birovga ayta oladi? Buning ustiga u yigit nogiron bo‘lsa. Ota-onasi barvaqt olamdan o‘tgan, o‘zi akasining qaramog‘ida qolgan. Akasi va yaqinlari hech qachon uni nogiron yigitga uzatishga rozi bo‘lmasliklarini o‘ylab yuraklari ezilib ketar edi.
Qanday qilib ularga u yigitning qalbi go‘zalligini, uning Qur’onga bo‘lgan muhabbatini u tilovat qilayotganida qalblarga yetib borishidan ham tushunish mumkinligini, mana shunday qalbli inson bilan u albatta baxtli bo‘lishiga ishonishini, Jannatga yetishish uchun nogiron bo‘lsa ham Allohning moʻmin, suygan bandasiga umrini bahshida qilishga tayyorligini? Lekin baribir umid qilib, duo qilib yurgan kunlarida, tanishlari o‘sha yigitning uylanmoqchi bo‘lganini va unga mana shu qizni taklif qilishganini habarini yetkazishdi. Subhanalloh! Alloh qalblardagi yashirin narsalarni bilguvchi ZOT!
Yigitdan sovchilar keldi biroq, qiz kutganidek akasi va boshqa qarindoshlar bu nikohga qarshi chiqishdi. Qizning rozi ekanini eshitganda esa akaning fig‘oni ko‘kka yetdi. Akasi yigit bilan ko‘rishib keyin bir qarorga kelishni aytdi. Jahl ustida yigitning uyiga bordi va "Qaysi aql bilan o‘zingiz ikki oyog‘i yo‘q cho‘loq bir yigit bo‘la turib, mening guldek, sog‘lom singlimga sovchi qo‘yishga jur’at qildingiz?! Nahotki, o‘zingizga shunchalik ishonsangiz, singlimni baxtli qila olishga ko‘zingiz yetadimi shu ahvolingizda?" va hokazo...
Yigit akaning gaplarini bo‘lmasdan, diqqat bilan, boshini egib tingladi. Aka gapini tugatgach, endi, ketishga chog‘langanda yigit boshini ko‘tarib uning ko‘ziga tik qarab:
-"Aka, sizning holatingizni juda yaxshi tushunib turibman, singlingizning kelajagi uchun qayg‘uryapsiz. To‘g‘ri, oyoqlarim cho‘loqdir, lekin qalbim emas! Men singlingizni baxtli qilishimga ishonaman! Siz men kabilardan qo‘rqmang, QALBI CHO‘LOQLARDAN QO‘RQING!..."

To‘y bo‘ldi. Allohning muhabbati bilan to‘lgan qalblar bir-biriga bog‘landi. Shirin-shakar farzandlar dunyoga keldi. Har safar aka, singlisining xotirjam, baxtdan porlab turgan yuziga qaraganida "jannati ayol"ni ko‘rgandek his qilardi o‘zini, o‘shanda eng mash’um xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin bo‘lganini o‘ylab hijolat tortar, yigitning bir og‘iz so‘zi bilan qalbini yumshatgan Allohga hamd aytar edi...

Malohat Anvar

(Hikoyam qahramonlarini shaxsan tanimayman, ular haqida bundan 10 yillar avval eshitib g‘oyibona mehrim tushgandi, har doim "qalbi cho‘loq"larga duch kelganimda shu voqea yodimga kelaveradi...
Voqeani badiiylashtirib hikoya tarzida yozib odamlarga yetkazmoqchi bo‘lganimdan maqsad, oramizda mana shunday INSONlar ham borligini bilishimizni va ibrat olishimizni chin dildan xohlashdir...Bunday insonlar ko‘p, biz tanigan va tanimaganlar orasida...
Hikoyamni mana shunday haqiqiy INSONlarga bag‘ishladim)

#vaqt_qadri