Get Mystery Box with random crypto!

Kecha o'zbek tili bayramiga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirda qa | Dilnur A'zamov

Kecha o'zbek tili bayramiga bag'ishlab o'tkazilgan tadbirda qatnashdim.

Tilimiz haqida she'r, bir-biridan chiroyli qo'shiqlar yangradi, tabriklar ko'p bo'ldi. Ularda aytilishicha, o'zbek tilining qadri, nufuzi yildan-yilga ortib bormoqda.

Ammo tadbir boshlanguncha, tadbir davomida va undan chiqqach kim bilan gaplashgan bo'lsam, sezdimki, ko'plar bu e'tiroflarga allaqachon ishonmay qo'ygan. Til haqida gap ketarkan, ziyolilarda kuchli bir ichki og'riq, alam, umidsizlik, ishonchsizlik bor.

Xuddiki, real holat va minbarlarda aytilayotgan gaplar bir-biriga to'g'ri kelmaydigan zamon yana qaytayotgandek.

Ayrimlar shu ahvolga tushishimizda oddiy odamlarni ayblamoqda. Ularga ko'ra, til borasida g'urur avvalo xalqning o'zida uyg'onishi kerak. Shundagina hukumat, qonunlar o'zgara boradi.

Bo'lsa bordir, lekin bugun til siyosati borasida avvalo hukumat qilishi kerak bo'lgan ish, berib qo'yilib, ijrosi ta'minlanmayotgan ko'pgina va'dalar borki, ular bajarilmay turib, odamlarni o'zgartirib, g'ururni uyg'otib bo'lmaydi. Rejalar rejaligicha qolaveradi.

Masalan, hukumat birinchi navbatda bugun ma'nan eskirib, ishlamay qo'ygan "Davlat tili to'g'risida"gi qonunni yangi tahrirda qabul qilishi va til siyosatini qat'iy belgilab olishi kerak. Shuningdek, bu qonun istisnolarsiz, aniq ishlashi, uni buzganlik uchun javobgarlik esa tayin bo'lishi kerak.

Bu ishni boshlash uchun bugungidek qulay vaziyat nazarimda, bo'lmagan va ehtimol, bundan keyin ham bo'lmasligi mumkin.

Ikkinchidan, qo'shyozuvlilik masalasini tezroq bir yoqli qilish kerak. Ha, yozuv masalasida hukumatning ijrosi 2023-yil 1-yanvardan boshlanishi aytilgan aniq qarori bor. Lekin negadir, qaror ijrosi boshlanishiga 2 oy vaqt qolyapti hamki, hukumatning o'zida qandaydir ishonchsizlik bordek. Biror kishi bu mavzuda aniq gap aytmayapti, aytolmayapti.

Hukumat yozuv masalasida jamiyatga aniq qilib pozitsiya aytishi kerak. Aniqrog'i, boshlagan siyosatidan ortga qaytmasligini bildirishi, tarmoqlarini tezroq lotin yozuviga o'tkazishi kerak. Qolgan ishlar keyin shu ishonch va tartib asosida tashkil qilinaveradi.

Shuningdek,

– o'zbek tilini rivojlantirish bo'yicha o'ylangan, yaxshi tashabbuslarga keng yo'l ochilishi, rag'batlantirilishi va ularni amaliyotga kiritish tezroq boshlanishi kerak. Bu borada muammolar va izlansa, yechimlar juda ko'p.

– o'zbek tilini bilish, o'rganishning aniq ilmiy tartib va standartlari ishlab chiqilishi kerak. Bu o'zbek tili o'rganuvchilari uchun juda muhim.

– dunyo adabiyotidagi eng yaxshi va yangi asarlarning o'zbek tiliga tarjimasini, umuman, tarjimonlikni ommalashtirish kerak.

Tarjimonlikka hukumat darajasida keng e'tibor qaratish yana ko'plab sohalar rivojiga poydevor bo'ladi.

– o'zbek tiliga kirib kelayotgan, singayotgan so'z va atamalarni qabul qilish bo'yicha aniq talablar ishlab chiqilishi kerak. Bu o'zbek tili sofligini ta'minlashda juda muhim.

Biz bu ish ijrosida shusiz ham o'n yillarni yo'qtib bo'ldik. Bu borada Departament tarkibidagi boshqarma mas'uliyati, vakolatlarini oshirish kerak.

– o'zbek tilini o'rgatuvchi markazlar sonini oshirish kerak. Shunday bo'lsinki, o'zbek tilini o'rganishga ehtiyoj sezgan har bir vatandosh, mehmon bunday markazlarni qiyinchiliksiz topa olsin.

– internet tarmog'ida o'zbek tilidagi sifatli resurslar sonini oshirish zarur. Bu yo'ldagi tashabbuslarga keng imkoniyat yaratilib, faollarni rag'batlantirib borish amaliyotiga o'tish kerak. Masalan, vikipediyada o'zbekcha resurslar sonini oshirishga bel bog'lagan yoshlarni qo'llab-quvvatlashga prezident darajasida e'tibor qaratilgani kabi. Ya'ni u yagona tashabbus va yagona e'tibor bo'lib qolmasin.

– ta'lim muassasalarida o'zbek tilini o'qitish sifatini qayta, tanqidiy ko'rib chiqish kerak. Bugun bizdagi sifat talabga umuman javob bermaydi.

– IT sohasida o'zbek tilini qo'llash va foydalanuvchilarga qulaylik yaratish sohasida izlanishlarga keng yo'l ochish yoki qo'llab-quvvatlash kerak.

– ...