Get Mystery Box with random crypto!

Men odam, sen pari… Nima qilamiz? Sen yoshu men qari… Nima qil | Odamiyat!

Men odam, sen pari… Nima qilamiz?
Sen yoshu men qari… Nima qilamiz?

                                Sh.Nuriddin


Xavflidir qorongʻi yurak yurtining
Sogʻinchi, safari…
Nima qilamiz?..
Gʻaribdir xotira, xayol ufqining
Shomidan sahari…
Nima qilamiz?..

Qolmadi odamiy maxluqotlarning
Haromdan hazari…
Nima qilamiz?..
Oshimiz zahardir,
Sarxur zotlarning
Osh boʻldi zahari…
Nima qilamiz?

Yuraklarda ishonch yoʻqoldi bir kun,
Kelmadi xabari…
Nima qilamiz?..
Jonimni sadaqa qildim ishq uchun,
Ilmadi nazari…
Nima qilamiz?..

Sotilar arzonga, sotilar tekin,
Odamzod javhari…
Nima qilamiz?..
Shaytonga tosh otdik, tegmadi, lekin
Shaytonga zarari…
Nima qilamiz?..

Koʻzimga olovday koʻringan choʻgʻlar
Koʻngillardan nari…
Nima qilamiz?..
Yonu atrofimda daydigan oʻqlar —
Jonga tegdi bari…
Nima qilamiz?!..