Get Mystery Box with random crypto!

#qaynoqqina O'kinch Qani ortga qaytib, bir zum qolsay | yoza olganlarim

#qaynoqqina

O'kinch

Qani ortga qaytib, bir zum qolsaydim,
Hayotim boshidan boshlay olsaydim,
Barchasi arzimas narsa ekanin
Avvalroq bilsaydim, avval bilsaydim.

Bermasdim ko'nglimni bag'ri toshlarga,
Ko'zlarim to'lmasdi achchiq yoshlarga,
Qo'shilib yurmasdim go'l, beboshlarga,
Onamning qanoat-sabrin bilsaydim,
O'zimda borini qadrin bilsaydim...

Bir parcha yer uchun talashmas edim,
Onamning duosin alishmas edim,
Qalbimda borini bo'lishmas edim,
Onam yelkasiga boshim qo'ysaydim,
Bolalik davrimga qaytib qolsaydim..

Nafsimni tiyardim, ko'zlarimni ham.
O'tkinchi inson, deb, chekmasdim alam.
Ko'rganim bitardim, qo'limda qalam,
Umrimning boshiga bora olsaydim,
Otamning kulgusin ko'ra olsaydim...

Shukur qilar edim har bir onimga,
Nopokni yo'latmas edim yonimga,
G'ubor tegirmasdim murg'ak jonimga,
Gunohlarim yerga tashlay olsaydim,
Men ham fozillardek yashay olsaydim...

Besh kunlik dunyoga qilmasdim havas,
Bu iflos dunyoda olmasdim nafas,
Indamay turmasdim, ko'rganda g'araz,
Borini boricha ko'ra olsaydim,
Hammangizni tashlab, ketib qolsaydim...

@realseva