Get Mystery Box with random crypto!

Bolani tanish-bilishchilikka o‘rgatayotganlar Har bir insonni | BUXORO SCHOOL | RASMIY🇺🇿 ️

Bolani tanish-bilishchilikka o‘rgatayotganlar

Har bir insonning orzu-istaklaridan biri adolatli, farovon jamiyatda yashashdir. Ammo har kim buni ayricha tushunadi. Kimlardir gaz yoki elektr energiyasiga yashirincha ulanib, unga to‘lanadigan mablag‘ni tejab qolsa, shuni farovon hayot deb tushunadi. Yana kimdir odamlarning ishini "hal qilib berib" olingan poralar evaziga boylik orttirishni yaxshi yashash omili deb hisoblaydi. Bugungi kunda dolzarb bo'lib turgan korrupsiya masalasi jamiyatimiz uchun eng og‘riqli nuqtalardan biri bo‘lib turibdi.

To'g'ri, hozirda qaysidir amal kursisiga o‘tirib, xalq pulini yeb yotgan, tanish-bilishchilikka yo‘l berib odamlarni norozi qilayotgan, xalq ishonchini suiiste'mol qilayotgan amaldorlarning ota-onasi ularga shunday tarbiya bermagan. Hech bir ota-ona farzandiga "birovning haqqini yeyish kerak" deb o‘rgatmaydi. Ammo shunisi ham borki, aynan shu narsaning aksini o‘rgatmaydiganlar bor. Ya’ni birovning haqqiga xiyonat qilish yaxshi ish deyishmaydi, ammo bunday qilish yomon oqibatlarga olib kelishi, gunoh ekanligi, inson har bir luqmasini halol ishlab topishi lozimligini farzandiga uqtirish o‘rniga ularga telefon tutqazib, "ovozini o‘chiradiganlar" bor.

Xo‘sh, aslida bolani korrupsiyaga qarshi qanday tarbiyalash lozim?

Qachonki, tarbiyani ota-ona — bog‘chaga, bog‘cha — maktabga, maktab esa mahallaga yuklamasdan, o‘z zimmasidagi majburiyatni barcha birdek his qilsa, bir­dek amalga oshirsa, ana shundagina farzand odob-axloqli, turli illatlardan holi tarzda tarbiya topadi.

Korrupsiya nima ekanligini bola umuman tu­shunmaydi, illat ekanini anglamaydi. Bunda unga boshlang‘ich tushunchalarni sodda tilda anglatib borish mumkin. Masalan, qalampirning achchiq ekanini bildirib qo‘yish uchun uning ta’mini totish shart emas. Aslida, bolaga qalampir­ning achchiqligini shakarning shirin ta’mi bilan ham anglatish mumkin. Mana shunday taqqoslama tasvirlar orqali bolani dastavval halollikka o‘rgatish zarur. Bunda bolaga fikrni tez va oson yetkazish uchun ta’lim-tarbiyaning o‘ziga xos vositalarini qo‘llash juda samarali. Aytaylik, yuvilgan olma va balchiqda yotgan olmani o‘zaro taqqoslash bilan "nima yaxshi, nima yomon", "nima mumkin, nima mumkin emas" ekanini bildirish mumkin. Endi bolakay toza olma yaxshi ekanligini anglab faqatgina doimo toza yurish kerakligini emas, shu bilan birga balchiqda yotgan olma misolida nopok bo'lmaslikni ham o'rganadi. Bu esa o‘z-o‘zidan keyingi tushuntirishlarga — ko‘ngilni ham pok saqlashni o‘rgatuvchi mashg‘ulotlarga yo‘l ochadi. "Yomonlikka qo‘l urgan odam balchiqdagi olma kabi yuzi dog‘ bo‘lib qolishi mumkin"ligi haqida bola tilida tushuntirishlar berish orqali bolani jamiyat rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan illatlardan saqlagan holda tarbiya qilinadi.

@buxoroschool_official