Get Mystery Box with random crypto!

Garchi zugʻum qilganlarni yoqtirmadim, Sheʼr yozdimu boʻlak is | BUXORO EDUCATION

Garchi zugʻum qilganlarni yoqtirmadim,
Sheʼr yozdimu boʻlak ishni qotirmadim.
Tilim turib oʻz tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bagʻri – dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Onam “erkam” deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yoʻq deb zirqirardi bir joylarim.
Parovozni hansiratgan bugʻdoylarim,
Oltinlarim, maʼdanlarim, ipaklarim…
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,
Oʻzbekni qon qaqshatganni oʻzbek siylar.
Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,
Topganimiz handalakdek tilim – tilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Sen boʻlmasang nima bizga silliq sheʼrlar,
Bu dunyoda tili yoʻqda, dil yoʻq derlar.
Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning toʻridagi soʻlmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Bir qarasam har shevangda ming jilolar,
Har novdangda, har mevangda ming jilolar.
Qodiriylar, Choʻlponlaru Abdullolar,
Sening qaytgan kuning mening mavlud yilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Muhammad Yusuf.