Get Mystery Box with random crypto!

Elektron hisobvaraq-faktura: yangi tizim – yangi imkoniyatlar | Бухгалтерия📊

Elektron hisobvaraq-faktura: yangi tizim – yangi imkoniyatlar

Elektron hisobvaraq-faktura (EHF) tizimi yashirin iqtisodiyotning oldini olishda eng faol tizimlardan biriga aylanib ulgurdi. Mazkur tizim realizatsiya qilinayotgan tovarlar real hajmini to‘laqonli nazorat qilish, iqtisodiy jarayonlarni onlayn kuzatish, tahlil qilishga zamin yaratmoqda.

Tizim, o‘z navbatida, buxgalteriya hisobining birlamchi hujjatlari va soliq hisobotlarini tayyorlash jarayonini ham soddalashtirib tadbirkorlik subyektlari uchun qulay imkoniyatlar taqdim etmoqda.

Davlat soliq xizmati organlari yaqinda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulaylik yaratish maqsadida elektron hisobvaraq-faktura (EHF)larning yangilangan tizimini test rejimida ishga tushirdi.

Barcha tadbirkorlik subyektlari ixtiyoriy ravishda “facturatest2.yt.uz/faktura/uz/tools” elektron manzilida ushbu yangi tizim sinovida ishtirok etishlari mumkin.

Elektron hisobvaraq-fakturalarning yangi tizimiga 4 ta asosiy o‘zgarish kiritildi.

Asosiy oynada korxona holati – aylanmadan olinadigan soliq (AOS) yoki qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchisi ekanligi aks ettiriladi.
Bunda QQS guvohnomasi faol yoki nofaolligi, shuningdek bekor qilinganligi ko‘rsatiladi. Kontragentlar holati haqidagi xuddi shu kabi maʼlumotlar ham ko‘rinib turadi.

Bosh sahifada quyidagilar ko‘rsatiladi:
1) QQSsiz realizatsiya qilinadigan tovarlar;
2) “0 stavka”da realizatsiya qilinadigan tovar va xizmatlar;
3) imtiyoz bilan sotish huquqiga ega korxonalar;
4) “0 stavka”da xarid qilish huquqiga ega korxonalar.

Tovar uchun identifikatsiya kod (MXIK) tanlanganda bozorning barcha ishtirokchilari uchun mahsulot nomi bir xil bo‘lishi taʼminlanadi. Yaʼni tovar nomi o‘zgarmaydi. Bundan tashqari, MXIKka mos o‘lchov birligini massiv sifatida tanlash imkoni ham yaratildi. Yaʼni tovar hajmini, masalan, og‘irligini gramm, kilogramm yoki tonnada aniq ko‘rsatish mumkin.

EHF rasmiylashtirishda soliq stavkasi va imtiyozlari tegishli ustunlarda (satr) avtomatik ravishda paydo bo‘ladi.

Yangi tizim sinov jarayonlarida ishtirok etuvchi subyektlar taklif va mulohozalarini “Factura test” telegram guruhiga yuborishi mumkin.

Bildirilgan takliflar asosida tizim qo‘shimcha funksiyalar bilan boyitiladi. Bu esa tizimni yanada mukammaltirishga va tadbirkorlik subyektlari duch kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlarni oldini olishga xizmat qiladi.