Get Mystery Box with random crypto!

Xulosa chiqarishdagi yondashuvlar Kecha bolamni uxlatgani oli | Bobur Hoshimov — Blog

Xulosa chiqarishdagi yondashuvlar

Kecha bolamni uxlatgani olib chiqqanda bitta podcast eshitib qoldim. Keyin muallif yozgan kitob bor ekan, shuni o’qishga qiziqib ko’rdim. Kitob kundalik hayotimizda turli xulosa va qaror qabul qilishimiz asoslari haqida yozilgan ekan.

Muallifga ko’ra asosan odamlarni xulosa va qaror qabul qilishiga qarab asosan 3 turga bo’lish mumkin ekan. Tushunganim va chiqargan xulosalarimni yozib qo’ydim va shu yerda ulashay dedim. Har bir turga misollar keltirish o’quvchi o’ziga havola.

1. Olomon fikridan kelib chiqqan holda xulosa chiqarishimiz va qaror qabul qilishimiz.
Har birimizda o’zimizni jamiyat bir qismi sifatida his qilishimizga ehtiyoj yuqori. Bu bizga tarixan singgan hissiyot va tushuncha. Chunki o’zimizni olomon bir qismi sifatida his qilishimiz bizga xavfsizlik hissini beradi. Bunda xulosalarimiz va qarorlarimiz asli to’g’ri yoki noto’g’ri ekanligidan ko’ra olomon fikri ustunlik qiladi. Xulosalarimiz boshqalar xulosasiga asoslangan bo’ladi. Boshqalar fikrini biz uchun muhim ekanligi ham shundan kelib chiqadi.


2. Har bir vaziyatni oq va qoraga ajratgan holda xulosa chiqarishimiz
Har qanday vaziyatga baho berishda oldindan mavjud bo’lgan fikr va xulosalarga asoslangan holda yondashuv. Bunday yondashuv oson va miyani tanqidiy fikrlashga chorlamaydi. Qarshi argumentlarni qabul qilgisi kelmaydi. Aslida barchasi oq va qora emasligini, ba’zan vaziyat kulrang bo’lishi mumkin ekanligini ham inobatga olmaydi. Bunda ”men bilaman va men haqman” degan yondashuv bo’ladi. Ba’zan bu ma’naviy jihatdan boshqalarga nisbatan ”moral superiority” ya’ni ma’naviy ustunlik hissini keltirib chiqaradi.


3. Vaziyatni atroflicha o’rganib, kerakli ma’lumotlarni olib, tanqidiy yondashgan holda xulosa chiqarish. Ya’ni tafakkur etgan holda bir xulosaga kelishimiz. Bunda eng avvalo ”xulosam to’g’ri ekanligini men qayerdan bilaman?” degan savol bilan yondashish. Biror bir dastlabki xulosaga kelganda ana shu xulosani inkor etuvchi qarshi fikrlarni keltira olish. Agar qarshi fikrlar bo’lmasa bu haqida ma’lumot topishga harakat qilib ko’rish. Bu bizni fikrlashga undaydi. Natijada bir tomonlama xulosa chiqarish oldini oladi. Qaror qabul qilishdagi xatolarimiz kamayishiga sabab bo’ladi. Muammo shuki buni miya xohlamaydi. Chunki bu energiya talab etadi. Miya esa energiya sarflashni xohlamaydi. Shuning uchun doim oson yo’lni tanlashga harakat qiladi.

Energiyada muammo yo’q aslida. Bitta chiroyli osh bilan orqasidan achchiq ko’k choy juda ko’p fikrlar uchun yoqilg’i, sifatli energiya manbai

Bek Olimjon
06.04.23
Norvegiya