Get Mystery Box with random crypto!

Qrimda nima bo'ldi? Shu hafta Qrimdagi Rossiya harbiy havo ba | Vashington kundaligi

Qrimda nima bo'ldi?

Shu hafta Qrimdagi Rossiya harbiy havo bazasida yuz bergan portlash ko'p muhokamalarga sabab bo'lmoqda. U yerda aynan nima sodir bo'lgani haqida rasmiy va aniq ma'lumotlar mavjud emas.

Rossiya da'vosiga ko'ra, texnik xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani uchun bazada portlash yuz bergan va hech kimga va hatto biror texnikaga ham zarar yetmagan.

Ukraina rasmiylarining aytishicha esa, portlash oqibatida 60 ta harbiy pilot va texnik xodimlar halok bo'lgan va yana 100 ta odam yaralangan.

Sun'iy yo'ldosh orqali olingan tasvirlar aeroport maydonida kamida sakkizta samolyot yonib ketganini ko'rsatadi. Shu tasvirlarga asoslanib, "Economist" nashri bazadagi barcha samolyotlarning yarmi yo'q qilingani haqida yozdi.

Voqea uchun kim mas'ul?

Ekspertlarning ta'kidlashicha, bu ko'lamdagi katta portlashga, Moskva da'vo qilganidek, texnik xavfsizlik qoidalarining buzilishi sabab bo'lishi mumkin emas. Ayni paytda Ukraina ixtiyorida 350 km. masofaga uchib, Qrimdagi bazagacha yetib kela oladigan raketalar yo'qligi aytilmoqda. Ba'zi manbalarga ko'ra, hujumda Ukrainaning o'zida ishlab chiqarilgan raketa ishga solingan.

Bu ish Qrimdagi partizan kuchlar yordami bilan amalga oshirilgani haqida aytayotganlar ham bor. Ammo bu ma'lumotni Kiyev rasman tasdiqlagani yoki tan olgani yo'q.

Portlash ko'lami shu qadar katta bo'lganki, bazaga yaqin hududdagi 62 ta aholi turar joylari va yana o'nlab tijoriy binolarga ham zarar yetgan. Yuzlab odam evakuatsiya qilingan.

Hodisaning Rossiyaga yetkazgan zarari aprel oyida Qora dengizda "Moskva" harbiy kemasining cho'ktirilishi bilan teng ekani aytilmoqda.

Voqea yuzasidan Ukraina chiqargan rasmiy bayonotda hodisaning aniq sabablari ma'lum emasligi va bunday hududda sigareta chekmaslik kerakligi ta'kidlangan.

@bmamadiev