Get Mystery Box with random crypto!

Dunyoni boshqaruvchi yovuz kuchlar qayerda? Telegram kanalimd | Vashington kundaligi

Dunyoni boshqaruvchi yovuz kuchlar qayerda?

Telegram kanalimda bir kuzatuvchim bor. Amerika haqida nimadir yozsam, hujumga o'tadi. Unga ko'ra, AQShda siyosatchilarning hammasi qo'g'irchoq. Ularni qandaydir ko'rinmas kuch boshqaradi. Barak Obamani hokimiyatga olib kelgan ham "Illuminati" ekan.

"Facebook"da undan battari bor. Uning yozishicha, Ilon Maskning orqasida ham, "Twitter"ning boshida ham rotshildlar, qanaqadir qabbala turadi. G'arbda yashab ko'zimiz ko'r bo'lgani uchun shuni ham bilmas ekanmiz.

Masonlarni "sevadigan" xalqimiz

Umrida na gazga, na elektrga yolchigan vatandoshim olis bir qishloqda, loysuvoq va guvalakdan bitgan kulbasida oyog'ini tanchaga tiqib, moy lampa yorug'ida yonida o'tirgan og'aynilariga siyosatshunoslik fanidan ma'ruza o'qiydi: hamma muammoga masonlar va yahudiylar aybdor. Baraka topsin, yaxshiyam Putin bor ekan; hammasini nazorat qilib turibdi.

"Shapka"sini berib, buning ustiga yana bir yil kutib olgan "Spark" mashinasida 10 yildan beri kirakashlik qiladigan amakiga quloq tutsangiz, iqtisodiyot va siyosatni "suv qilib" ichib yuborgan. Dunyoni kimlar boshqarayotganini, har bir voqea-hodisa ortida aslida yahudiylar turganini; agar Rossiya bo'lmasa, Amerika bir kunda dunyoning rasvosini chiqarib yuborishini undan o'rganasiz.

Bunday ekspertlar faqat "qora xalq" orasida emas. Xorijda o'qigan, bir paytlar ilmi va g'ayratini o'zim uchun o'rnak deb bilgan bir akamiz yaqinda aytib qoldi: koronavirus yo'q narsa ekan. Lol qoldim. Qizig'i, u bilan hamfikrlar oz emas.

Qahraton qishdan tirik chiqish uchun choponi bilan uxlaydigan, sifatli tibbiy xizmatga qurbi yetmaydigan millionlab odamlar virusdan o'lib ketmasin, deb milliardlab dollar pulini sarflayotgan Bill Geyts ular uchun dunyodagi eng yozuv odam. Chunki uning maqsadi vaksina orqali chip o'rnatib, odamlarni boshqarish.

Fitna nazariyalari faqat bizdami?

Amerikada ham fitna nazariyasi ixlosmandlari bor. Masalan, ultra o'ng siyosiy qarashdagi "Qanon" guruhi izdoshlariga ishonilsa, Amerikani shaytonga sig'inuvchi elita boshqaradi; Demokratik partiya ularning xizmatkori. Hillari Klintonning yerto'lasida qullikda saqlanadigan bolalar bor; chunki hukmron elita pedofiliya bilan shug'ullanadi.

Mana, bor ekan-ku! Moydek yoqib ketdimi?

Ezgulik va yovuzlik urushi

Xudo hidoyat berib, ibodatga kirgan ba'zi yosh yigitchalar hali namozning farzini o'rganib ulgurmasdan "Illuminati"ga qarshi urush e'lon qiladi. Iblisga sajda qiluvchi elitani fosh etib, ummatni undan ogohlantirishni ozining muqaddas vazifalaridan biriga aylantiradi.

Birodari aziz, o'zingizni bosing. G'ayratingiz juda jo'shib ketayotgan bo'lsa, kitob o'qing. Nafaqat dinni, balki siyosat, iqtisodiyot, huquqshunoslik va chet tillarini ham o'rganing. Ilmni "YouTube" yoki "Facebook"dan emas, kitoblardan, mutaxassislardan oling.

Qurbingiz yetsa, boshqa davlatlarga sayohat qiling. Boshqa madaniyat va dindagi odamlar bilan ko'proq muloqot qiling. Dunyoni, unda yashayotgan rang-barang odamlarni qanchalik ko'p tanisangiz, dunyo bizning mahallamiz va shahrimizdan ko'ra ancha kengroq va murakkabroq ekanini anglaysiz.

Unday qila olmasangiz, namozingizni o'qib, halol-haromga diqqatli bo'lib, taksida kirakashligingizni qilib yuravering.

Xulosa

Konspiratsiya nazariyalari hamma joyda bor, hamma davrda bo'lgan va bundan keyin ham bo'ladi. Dunyoda hukmronlik o'rnatishni istovchi yovuz kuchlar mavjudligi ehtimoli ham yo'q emas.

Ammo bunday kuchlarni Amerikadan emas, ilmsizlik va mutaassiblik urchigan, erkinlik bo'g'ilgan jamiyatlardan qidiring. Chunki fikrlash erkinligi, fikrni erkin ifoda etish huquqi berilgan jamiyatda hech qachon yolg'on asosiga qurilgan tizimni, ya'ni yagona yovuz elita hukmronligini o'rnatib bo'lmaydi.

Erkin jamiyatda, erkin bahs-munozaralarda haq har doim botildan ustun keladi. Erkinlik mavjud bo'lmagan jamiyatlarda esa botilni haqiqat deb ko'rsatuvchi rejimlar hukmron bo'ladi.

"Illuminati" deganlari balki shudir?

@bmamadiev