Get Mystery Box with random crypto!

Muqobil xarajat ko'rinmaydi xolos. Insonning har qanday qaror | Behzodbek Abdurasulov

Muqobil xarajat ko'rinmaydi xolos.

Insonning har qanday qarori xarajatli bo'ladi. (Xarajat deganda faqat pulni tushunmang). Doim, biror qaror qabul qilsangiz, uning muqobil xarajati - siz voz kechgan boshqa bir qarorga, foydalanilmagan imkoniyatga teng. Kechki payt kinoga yoki futbolga borishingiz mumkin. Kinoga borsangiz - futbolga borolmaysiz. Demak kinoga tushishning muqobil xarajati - o'ynalmagan futbol.

Muqobil xarajat haqida qiziq keys uchratib qoldim (Richard Thaler, "Misbehaving"). Kredit kartalar bilan bogliq.

Kredit kartalar endi chiqarila boshlagan yillarda emitentlar (ya'ni karta chiqargan kompaniyalar) o'z elektron xizmatlari uchun do'konlardan pul undirgan. O'z navbatida do'konlar ham kartali xaridorlardan komissiya undirishgan. Ya'ni misol uchun 1$ lik narsani karta orqali xarid qilsa, 1.03$ yechib olingan.
Tabiiyki bu amaliyot emitent kompaniyalarga xush kelmagan. Do'kondorlar va karta emitentlari o'rtasida bir qancha huquqiy tortishuvlar ham bo'lib o'tgan.

Ammo, har ehtimolga qarshi, emitentlar do'kondorlarni bir narsaga ko'ndirishgan:
Modomiki naqd va plastikka ikki xil narx belgilanar ekan, qimmatrog'i - odatiy narx deb hisoblansin, arzonrog'i esa - naqd to'lov uchun chegirma deb hisoblansin.

Eski variantda - arzonrog'i oddiy narx edi, qimmatrog'i - plastik karta uchun komissiyali narx edi.

Iqtisodiy jihatdan ikkalasi bir xil narsa. Chunki plastikka 1.03$, naqdga 1.00$ bo'lgan tovar xaridida 0.03$ ni chegirma deymizmi, komissiya deymizmi - farqi yo'q. Har ikki holatda ham karta egalari qimmatroq to'layapti.

Ammo shunday amaliyotdan keyin xaridorlarning noroziligi kamaygani, kredit kartalardan foydalanish ommalashganini kuzatish mumkin.

Nega bunday? Axir ikkala holatda ham karta egalari qo'shimcha 0.03$ xarajat qilyaptiku?

Sababi, komissiya to'langanda xaridornda uning cho'ntagidan pul shilib olishgandek taassurot bo'ladi.
Naqd uchun chegirma variantida esa, foydalanilmagan 0.03$ lik chegirma bu - shunchaki "muqobil xarajat", xolos.

Insonning tabiati qiziq...