Get Mystery Box with random crypto!

​​Eron yadroviy faoliyatini qayta tiklamoqchi Eron parlamenti | Bᴇɢɪᴍᴏғғ's ʙʟᴏɢ

​​Eron yadroviy faoliyatini qayta tiklamoqchi

Eron parlamenti mamlakatning yadroviy faoliyatini tiklash bo‘yicha loyihaning umumiy qoidalarini ma’qulladi. Bu haqda Fars agentligiga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.

Parlament, shuningdek, loyihaning ayrim qoidalarini ham ko‘rib chiqishi taxmin qilinmoqda. Bundan tashqari, ratifikatsiya qilish uchun Eronda qonun loyihalarini tekshiradigan Konstitutsiya himoyachilari kengashining roziligi ham talab qilinadi. Shundan so‘ng qonun ijro etish uchun majburiy bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning yanvarida mamlakat 2015-yilda erishilgan yadroviy kelishuvdan to‘liq chiqishini e’lon qildi. Hujjatni bir tomondan Eron, boshqa tomondan xalqaro vositachilar oltiligi — AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya imzolagan edi. Hujjatda, jumladan, Eron uranni qaysi darajagacha boyitishi va qancha miqdorda boyitilgan uran saqlashi mumkinligini belgilab berardi. Darajalar shunday o‘rnatilgan ediki, bunda Eron yadroviy energetikani rivojlantirishi mumkin edi, biroq yadroviy qurol yarata olmasdi. Kelishuv shartlariga rioya etish evaziga Eronga qarshi sanksiyalar bekor qilingan edi.

Yangi qonun loyihasida Eronda yiliga 120 kilogramm uranni 20 foizga boyitish bilan uran ishlab chiqarish va to‘plash (20 foizdan yuqori uran qurol darajasida hisoblanadi), shuningdek, oyiga kamida 500 kilogramm kam boyitilgan uran ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda Eron uranni “yadro shartnomasi”da nazarda tutilgan 3,67 foiz o‘rniga 4 foizdan yuqori darajada boyitmoqda.

Bundan tashqari, Arakdagi 40 MVt og‘ir suv reaktorini “yadro kelishuvi”dan avvalgi holatiga qaytarish ham ko‘zda tutilgan. Kelishuv Arakdagi mavjud reaktorni radioizotoplar ishlab chiqarish uchun qayta loyihalashni nazarda tutadi, shunda u qurol darajasidagi plutoniyni ishlab chiqarmaydi.

Hujjat, shuningdek, hukumatga MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) bilan qo‘shimcha xavfsizlik protokoli doirasidan chiquvchi yadro inshootlariga kirish huquqini to‘xtatib qo‘yish majburiyatini yuklaydi.

Mamlakatda yadro faoliyatini tiklash bo‘yicha qonun loyihasini tezkor asosda ko‘rib chiqish Eron yadro dasturi rahbari deb atalgan yadroshunos olim Muhsin Faxrizoda o‘ldirilganidan so‘ng yuz bermoqda. U 27-noyabr kuni Tehrondagi kasalxonada vafot etdi. Voqeadan so‘ng Eron prezidenti xavfsizlik choralarini kuchaytirish haqida topshiriq berdi.

G‘arb OAVlarining yozishicha, Muhsin Faxrizoda masofadan boshqarilgan qurol orqali o‘ldirilgan. Eron o‘ldirilgan yadro fizigi uchun qasos olishga va’da berdi. Turkiya mintaqada tinchlikni buzmaslikka chaqirdi.

Boshqa ma'lumotlar - @normnewsuz