Get Mystery Box with random crypto!

Mutaxassis kuchli bo'lsa ham nega yondosh fanlardan dars beris | Baxtiyor.uz

Mutaxassis kuchli bo'lsa ham nega yondosh fanlardan dars berish mumkin emas?

Ushbu murojaat foydalanuvchidan kelgan bo'lib tahrirsiz taqdim qilinmoqda. Biz bu morojaatni haqli deb hisoblaymiz va vazirlik tomonidan munosabat bildirishlarini kutib qolamiz.

Assalomu alaykum hurmatli admin. Sizdan ba'zi masalalarda maslahat olmoqchi edim.
Men O'zMUning fizika fakultetini tamomlaganman. Toifam oliy. Ilgari "Mutaxassis" degan to'siq qo'yilishidan oldin matematika va informatikadan ham dars berar edim. U fanlardan ham toifam oliy edi. Deyarli har yili fan olimpiadalarida viloyatgacha qatnashib munosib o'rinlarni egallab kelar edik. Lekin, bu fanlar bir biri bilan qanchalik bog'liq bo'lmasin ularni ajratib, alohida mutaxassislik deb hisoblashdi.
Hozirgi paytgacha bu fanlarga juda qiziqaman. Matematika va fizika fanlaridan repetitorlik qilaman. Yuzlab shogirdlarim OTMga kirishmoqda, tamomlab o'z mutaxassisligi bo'icha ishlashmoqda ham. Informatikadan ta'lim uchun bir qancha dasturlar yaratganman va ularning ko'pchiligi allaqachon ommalashib ulgurgan. Bu fanlar bo'yicha tumanda o'z o'rnimga egaman.
Meni qiziqtiradigan narsa shuki, nega shu kabi malakali o'qituvchilarga yondosh (matematika, informatika) fanlardan dars berilmaydi. Arziydigan sababni topolmasdan qiynaldim.
Misol uchun, mutaxassis matematik yoki informatikka nisbatan shu fanlarni ulardan ko'ra ancha yaxshi biladigan fizika o'qituvchisi bor bo'lsa-yu, unga dars berish ta'qiqlansa, bundan kim yutadi?! Dars o'z o'zidan bilimsizlarga berilmaydimi?!
Bu kabi holatda bilimsiz "mutaxassis" raqobatsiz dars berishi mumkinligidan o'z ustida ishlamasligi aniq. Chunki, unga darslar kafolatlangan. Eng yomoni yondosh fanlar ham o'z yo'nalishidan boshqa yo'nalishlarni o'rganishdan to'xtaydi. Bu esa orqaga ketish degani emasmi?!
Shundan ko'ra raqobatni kuchaytirish uchun yondosh fanlarni, balki boshqa fanlarni ham (masalan men geografiya, kimyo fanlariga ham juda qiziqaman) o'rtaga qo'yib, "zo'r bo'lsang raqobatda yutib ol va darslarga egalik qil" deyish kerak emasmi?! Shunda darsini oldirib qo'yishdan qo'rqqan o'sha "mutaxassis"larning o'z ustida ishlashi kuchayarmidi?
Xulosa shuki, hozirgi paytda attestatsiya, imtihon, test kabilar yordamida haqiqiy mutaxassisni saralab olish muammo emas. Shunday ekan qonunchilik "qog'ozi" bor mutaxassisdan ko'ra bilimi bor mutaxassislardan foydalanish usullarini ko'rib chiqishni yo'lga qo'ysa yaxshi bo'larmidi?!
Masalan bizning maktabda fizika darslari kam, boshqa darslarni o'tosh menga qonunan ta'qiqlangan. Shu tufayli maktabni tashlab ketsam kim yutadi? Menga o'xshaganlar ko'pchilik bo'lsachi? Ta'limning ahvoli ne kechadi?
Agar fikr va taklifim ko'rib chiqishga arziydi, deb hisoblasangiz kengroq variantini taqdim qilishim mumkin.
Men bu fikrlarni ishsiz qolayotganimdan emas, balki, ta'limning orqaga ketayotgani uchun yozdim. To'g'ri tushunasizlar degan umiddaman.

Bizning kanal
https://t.me/baxtiyoruz