Get Mystery Box with random crypto!

​​Eshli Vensning 'Ilon Mask' avtobiografiyasini o'qishni boshl | Ашиқул Фирдавс

​​Eshli Vensning "Ilon Mask" avtobiografiyasini o'qishni boshladim. Bizning tasavvurimizga sig'maydigan darajada katta shaxs. Masalan, butun boshli O'zbekiston davlati bitta ko'prikni yoki suv omborini qurolmayotgan bir paytda uning shaxsiy kompaniyasi kosmosga raketa uchirib yotibdi. Bu natijaga hatto butun boshli davlatlarning ko'pi hamon erisholmagan. U shuningdek avtomobilsozlik va yangicha energiya tarmog'iga tegishli ikkita yirik sanoat egasi.

"Menimcha, bugungi kunda odamlar internet, moliya va qonunlarga haddan tashqari ko'p qiziqib ketishdi. Bu bizda innovatsiyalarning kamligi sabablaridan biri" deydi Ilon Mask.

Ya'ni qanchalik ko'p narsa bilish bizni hech narsaga layoqatsiz qilib qo'yadi. Hamma narsa haqida biroz tushunchaga egasiz, lekin biror narsada haqiqiy mutaxassis emassiz. Erix From XX asr odamini iste'molchi deb ataydi. Bu ta'rif ayni paytdagi jamiyatimizga ham mos keladi. Biz juda katta hajmda axborot iste'mol qilasiz. Hatto mana shu kanalim ham aslida sizning ziyoningizga bo'lishi mumkin. Sizning sohangiz nima? Siz nimada boshqalardan ilg'orsiz? Siz nimada kamyob mutaxassislardansiz?

Ayni shu minimalizmni Stiv Jobs haqida o'qiganda ham ko'rgandim. Siz bir sohada rivojlanish uchun boshqa hamma narsadan voz kechishingiz kerak. Ayni shu narsa Kel Nyuportning "Diqqat" kitobida ham asoslangan. Blog mavzusiga aloqador tomoni esa yaqinda chiqqan "Kitoblar qanday o'qiladi?" da asoslangan.

Tinimsiz kitob bloglarni kuzatishimiz, yoki siyosatni tanqid qilayotgan blogerlarni kuzatishimiz, zapallarni ko'rishimiz, barcha yangiliklarni o'qib borishimiz, oldimizdan chiqqan kitobni yeb ketaverishimiz bizni shunchaki o'rtamiyona odamga aylantiradi. Aytishnik Navoiyni tanimasa ham bo'ladi, rassomga O'zbekiston mustaqillikka qaysi sanada erishgani haqidagi ma'lumot ortiqcha. Bizning ta'lim tizimimizda ham, fikrlashimizda ham asosiy xato shu, biz hamma narsani qamrab olishga harakat qilamiz. Aslida esa sivilizatsiyalarni chuqur ixtisoslashuv rivojlantirgan. Shifokor avtomobilini ham o'zi tuzatsa, ekinni ham o'zi eksa, huquqini ham o'zi himoya qilsa, Navoiyni ham tanishi kerak bo'lsa, Qodiriyni ham o'qishi kerak bo'lsa, partiyalar sonini bilishi kerak bo'lsa u hech qachon yaxshi shifokor bo'la olmaydi, yoki juda omadi kelsa shunchaki yaxshi shifokor bo'ladi. Aslo daho bo'la olmaydi. Masalan, bakalavrda bir semestrda 12 talab fan o'qigan bizning avlod ketmonga sop ham bo'lolganimiz yo'q. Bizdagi ta'lim fikrlovchi shaxs yoki daho, yoinki ixtirochi, ijodkorlarni emas, xodimlarni yetishtiradi. Xodimlar esa ayni paytdagi rahbariyatning qornini qappaytirishga xizmat qiladi. Lekin bu saviyadagi xalq uzoqqa borolmaydi. Buni esa tepadagilarga qizig'i yo'q. Agarda siz uchun qiziq bo'lsa bir sohada chuqurlashing.

salimov_blogi