Get Mystery Box with random crypto!

OKMK futbol akademiyasi filiallari boʻyicha Toshkent viloyati | AGMK - OKMK | Расмий канал

OKMK futbol akademiyasi filiallari boʻyicha Toshkent viloyati sport boshqarmasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi

Xabaringiz bor, Olmaliq kon metallurgiya kombinati aksiadorlik jamiyati va OKMK futbol klubi rahbariyati tashabbusi bilan Olmaliq shahrida futbol akademiyasi tashkil etish borasida tamal toshi qoʻyilgandi.

Futbol maktabidan futbol akademiyasi sari boshlangan loyihada bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Yaqindagina OKMK AJ koʻmagida qoʻshimcha sun’iy maydon yosh futbolchilar uchun foydalanishga topshirilgan edi. Shuningdek, akademiya tarbiyalanuvchilarining Olmaliq shahrida doimiy istiqomat qilishi va sportchilarga xos tarzda ovqatlanishi uchun shahardagi «Bahor» mehmonxonasi klub ixtiyoriga berildi. Xozirgi kunda, ushbu mehmonxonaning taʼmirlash ishlari boshlangan.

Akademiya tarbiyalanuvchilarining asosi Olmaliq shahriga qoʻshni boʻlgan hududlarda istiqomat qilayotgan bolalar hisobiga toʻldirish ustivor vazifa etib belgilangan edi. Bu yoʻlda Olmaliq shahrining geografik jihatdan qoʻshni hududlari – Ohangaron, Boʻka, Piskent, Angren ham Nurafshon shahridagi futbol maydonlari, u yerdagi yoshlarning futbolga boʻlgan qiziqishi, aholi va sportning futbol turi toʻgaraklariga qatnovchi bolakaylar soni, umumiy qilib aytganda mavjud sharoitlar oʻrganib chiqilgan edi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, OKMK futbol klubi rahbariyati Toshkent viloyati sport boshqarmasiga ikki tomonlama hamkorlik qilish istagini bildiruvchi taklif kiritgandi. Yaʼni, OKMK futbol klubi joylardagi stadionlar maysalari parvarishi va uning sugʻorish tizimi kabi jihatlar borasida koʻmaklashishi, eng asosiysi esa har bir hududning kamida bittadan murabbiyini shartnoma asosida ishga qabul qilib, u yerdagi futbol toʻgaraklari uchun futbol toʻplari, sport anjomlari va boshqa moddiy texnik baza rivoji uchun sharoitlar yaratib berishi koʻzda tutilgandi.

Oʻz navbatida Toshkent viloyati sport boshqarmasi oʻz tarkibidagi futbol maktablarida tarbiyalanayotgan yosh iqtidorlarni birinchi boʻlib Toshkent viloyati shaʼnini himoya qilayotgan OKMK futbol klubi yetkazib berish majburiyatini oladi. Yaʼni, OKMK futbol akademiyasi, U-19 va yoshlar tarkiblari uchun birinchi seleksiya ishlari aynan yuqorida sanab oʻtilgan beshta hudud tarbiyalanuvchilariga qaratiladi.

Bugun «OKMK sport majmuasi» ofisida OKMK futbol klubi bosh direktori Bahodir Mirzayev va Toshkent viloyati sport boshqarmasi boshligʻi Rustam Boboqulov rahbarligidagi delegatsiya vakillari ishtirokida oʻzaro memorandum imzolash tadbiri oʻtkazildi. Imzolangan memorandum yuqorida sanab oʻtilgan jihatlarni keng qamrovda oʻz ichiga olgan boʻlib, endi tomonlar OKMK futbol akademiyasining Ohangaron, Boʻka, Piskent, Angren ham Nurafshon filiallari borasida oʻzaro hamkorlikni jadal suratda davom ettirish imkonitiga ega boʻldilar.