Get Mystery Box with random crypto!

Gazetda o‘qidim hayotimiz zo‘r, Radio bong urdi maosh oshibdi. | Anvar ibn Sobir

Gazetda o‘qidim hayotimiz zo‘r,
Radio bong urdi maosh oshibdi.
Televizorni yoqsam hammasi yaxshi
Vatan xizmatingga yurak oshiqdi.

Yo erta tug‘ildim, yoki juda kech,
Sababi negadur baxtim kulmaydi.
Ijaraga to‘lab oylik yarmini
Yashashni yaxshi deb yozib bo‘lmaydi.

Senda musofirman, senda fuqaro,
Senda ruhim asir, iskanjada tan.
"O‘lan to‘shagim" deb yozaman ammo
Senda ijarada yashayman vatan.

Noshud deb atama, nonko‘r demagin,
Shoirim desang bas xursandman meni.
Har oy puling to‘lab, ko‘chishga tayyor
Ijara uyimday sevaman seni.

Anvar ibn Sobir