Get Mystery Box with random crypto!

Xalq og'zaki ijodida Amir Temur siymosi Sohibqiron Amir Temur | Amir Temur va Temuriylar tarixi

Xalq og'zaki ijodida Amir Temur siymosi

Sohibqiron Amir Temur haqida xalq og'zida ko'plab afsonalar, rivoyatlar yuradi. Bularning bari Amir Temurning adolatpeshaligiga, yurtni zolimlar qo'lidan qutqarib, ozod qilganiga taqaladi. Amir Temur haqidagi ma'lumotlar Rossiya imperiyasi hamda sobiq SSSR davrida yo'q qilib yuborildi. Ammo shunday davrda ham xalqimiz xotirasida ulug' sarkardaning yodi saqlanib qoldi. Bu xalq og'zaki ijodiga ko'chib, doston shaklida bizgacha yetib keldi. Xususan, Chori baxshi Umirovning "Temurbekning tug'ilishi va bolaligi" dostoni ham Sohibqiron haqida, uning bolaligi haqida so'zlovchi, bizga xalqning Amir Temur haqidagi fikrini ko'rsatuvchi qimmatli dostondir. Quyida dostondan parchani o'qishingiz mumkin.

Qo'lda sozim, o'ynab-o'ynab jo'sh endi,
Nag'malarga baxshi sasin qo'sh endi,
Ul qadimiy ohanglarga tush endi,
Amir Temur haqda doston boshlayin,
El tinglasin bo'lib vaqti xush endi.

Asli dushman yorgan bo'lar pixini,
Oq to'shingga sanchar nayza-o'qini,
Yuragingga urar ajal sixini,
Amir Temur tug'ilishin kuylayin,
Shod qilayin jahongirning ruhini.

Temur bobom zolimlarga o'ch bo'lgan,
Boshda aql, qo'lda hadsiz kuch bo'lgan,
Ko'rgan dushman qocha-qocha, qoch bo'lgan,
Xaloskorlik rejasini tuzganda
Dushman o'yi har qadamda puch bo'lgan.

Bahor kelsa, oqar tovning qori-yey,
Ilhom bergan do'mbiramning tori-yey,
Temurbek-da islom tug'in ori-yey,
Shu bobomdan elga doston tayladim,
Chori baxshi yuragida bori-yey.

Ko'rmangizlar tani jabr-sitamdan,
Ulgi oldim qo'nib turgan pitamdan,
Madad olib belimdagi po'tamdan,
Sohibqiron tug'ilishin aytdim-da,
Bolalikda o'rganganman otamdan.

Bu dunyoning ishi doim kam bo'lgan,
Inqilob deb bosh egik-u, xam bo'lgan,
Tutqunlikni bari boshda jam bo'lgan,
Tarix haqda Temur haqda dostonni
Baxshilari aytolmasdan dam bo'lgan.

Mute'likdan turdik qo'lni quvshirib,
Ko'p narsalar aytolmadik yashirib,
Boshqinchiga xizmat etdik bosh urib,
Shu boisdan ko'plab yaxshi dostonni
Baxshilar ham olib ketgan oshirib.

Turkiy elim, omon bo'ling, bor bo'ling,
Yer yuzida dovruq solib, zo'r bo'ling,
Xalqlar aro ko'ksi baland, qir bo'ling,
Men kuyladim, siz-chun bitdi Abdiolim,
Baxshidan ham doim xabardor bo'ling.

Do'mbiramni hali ko'p bor chertarman,
Dostonlarni bir-bir qator etarman,
Temur haqda o'nta doston aytarman,
Sizga omad bersin Xudo, o'quvchim,
O'qisangiz murodimga yetarman.


Kanalimiz @AmirTemurtarixi

https://hosty.xxx/i/51e54ad300a00cae96d53a654e93ba98918558b0.jpg