Get Mystery Box with random crypto!

☆☆☆ Qoʼlim ochilmaydi, oʼlgunimcha to Sendan yashirganim – oʼ | 🍁Alvon hislar🍁

☆☆☆

Qoʼlim ochilmaydi, oʼlgunimcha to
Sendan yashirganim – oʼsha bir narsa.
Mening bandaligim boʼlguncha bajo,
Bilmaysan.
Bilmaysan, bu xayol Iskandarning ham
Qoʼlidan kelmagan orzusi, oʼyi.
Qoʼlimdan keladi axir, azizam,
Qoʼlim ochilganda – sochlaring boʼyi.

Yoʼlim ochilmaydi, oʼlgunimcha to
Yoʼlimga sigʼmagan bitta qildaysan.
Folbinlar – yolgʼonchi, taʼbirlar – xato,
Bilmaysan.
Bilmaysan, bir kuni tumonat odam
Ortimdan ergashar shoshib-shoshmasdan.
Yoʼlni men boshlayman axir, azizam,
Yoʼlni men boshlayman qadam bosmasdan.

Koʼzim ochilmaydi, boshqa odam u –
Koʼzin katta-katta ochib jilmaygan.
Men sendan bir dunyo yashirdim mangu,
Bilmaysan.
Bilmaysan, sen – dunyo koʼrmagan odam,
U – gʼamgin yurakning yostiqdoshlari.
Koʼzimda yashaydi axir, azizam,
Koʼzimda – koʼzingning yoshlari…

Odil Ikrom

@alvon_hislar