Get Mystery Box with random crypto!

​​'Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq' - Erix Mariya Remark Remar | Alternative | 19

​​"Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq" - Erix Mariya Remark

Remarkning kitoblari nimasi bilandir oʻziga tortadi. Bir kishi hammaning oʻzining yozuvchisi boʻladi, degandi. Eʼtibor bermagandim, Remarkni topgach bu fikrni tushunib yetdim. Kitoblari chiqishini intiq boʻlib kutaman.

"Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq" ni adashmasam 8-sinfda birinchi marta oʻqiganman. U vaqti hali bolalik xarakteri ketmagan, umidlarga toʻlib-toshgan paytlarim edi, kitob hozirgiday entiktirmagan, ehtimol u vaqtdagi fikrlash boshqa boʻlgandir. Bugun kitobni xuddi birinchi marta oʻqigandek qiziqish bilan tugatdim.

Asar voqealari nemis askari Paul Boymer tomonidan hikoya qilinadi. Hali maktabni bitirishga ulgurmagan bir uyum oʻsmirlar frontda jang qilishga mahkum... Asarda insonlarning kechinmalari shu qadar tiniq tasvirlanganki, oʻzingizni voqealar rivojida his qilasiz. Remarkning hamma kitoblarida ana shu jihat meni lol qoldirgan. Urush odamni erta ulgʻaytirib qoʻyadi. Urushda oʻlish yoki oʻldirishga mahkumsan. Urushda odamiylikka oʻrin yoʻq... Urushda bir burda boʻlsa-da non topib yeyish kerak. Urushda odam qiyofasidagi maxluq boʻlishing kerak, boʻlmasa tirik qolmaysan.

Asardagi har bir dialog, voqea oʻzida urushning dahshatini ochib beradi: Asardagi bir qahramon Kemmerix oyoqlaridan ayrilganini hali oʻzi bilmaydi, safdoshlariga esa endi uning botinkasi muhim. Axir bu urush unda oyogʻing mahkam boʻlishi zarur... Oʻsha botinkani Myuller oldi, u oʻlgandan keyin Paul Baumanga oʻtadi. Taqdir yorlaqasa Tyaden ham undan umidvor. Buni urush deydilar... Asarda rus harbiy asirlarining lageridagi holati haqida bir voqea keltiriladi: ular ham bizdek odam ekan, yuzi, koʻzlari bor, xuddi odamdek... Urushni boshlaganlar shunday mafkurani shakllantirgan, sen oʻt ochayotganing odam emas. Ularni oʻz koʻzi bilan koʻrgan Paul Boymer hayron qoladi. Ular ham, bular ham aslida inson. Faqat urush... Asirlarning non tilanib yolvorishlari, oʻzlaridagi bor bisotlarini bir urvoqqa alishish manzaralari shunchaki daxshatli...

Millionlab odamlar oʻlib ketdi, butun boshli avlod qirilib bitdi. Qaytganlari ham yashaydimi, yoʻqmi hali mavhum... Biroq hamon Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq...

Shaxsiy reyting - 10/10

@alternative_idea