Get Mystery Box with random crypto!

​​Davlat dasturi: xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuboriladigan | Abituriyent Plus

​​Davlat dasturi: xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi

Prezidentimiz «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi...

Endilikda oliy ta’lim tizimida quyidagi masalalarga e’tibor qaratildi:

Birinchidan, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etiladi.

Ikkinchidan, oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravarga oshiriladi.

Uchinchidan, xususiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti berish tizimi joriy etiladi.

Bu boradagi yangiliklar nafaqat yoshlarning ta’lim bilan qamrovi darajasini oshirish, balki gender tengligini ta’minlagan holda, intiluvchan, zehni o‘tkir qizlarimizga ta’lim olish imkoniyatini yaratadi. Chunki ayol kishining bilimli bo‘lishi farzandlarning ta’lim-tarbiyasi, jismoniy va ma’naviy kamolligiga katta ta’sir o‘tkazadi.

Yana bir yangilik shuki, «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilyapti. Qolaversa, nufuzli xorijiy oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish, ulardan olingan bilimlarni mamlakatimiz ravnaqi uchun qo‘llashga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlat dasturida joriy yilda 22 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti binolari, 31 ta yangi maktab va 16 ta oliy ta’lim muassasalari ob’yektlarini qurish ishlarini amalga oshirish ham belgilandi. Bularning barchasi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan, desak ayni haqiqat bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, bugun yoshlar xalqimizning boy ma’naviy-ma’rifiy merosini, zukkoligi, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ezgu an’analarini o‘zida mujassam etgan holda, jamiyatimizda munosib o‘rin egallamoqda. Eng muhimi, O‘zbekiston yoshlariga yaratilgan sharoitlar, ular erishayotgan muvaffaqiyatlarga ko‘pchilik, xususan, dunyo yoshlari havas bilan qaramoqda.

Muxtor IBRAGIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

@abituriyent_plus