Get Mystery Box with random crypto!

Tund... Oʻtgan juma namozga ertaroq borish uchun 12.00 dan ha | 93:3

Tund...

Oʻtgan juma namozga ertaroq borish uchun 12.00 dan harakat qilishni boshladim. Lekin ul-bul bilan ovvora boʻlib 12:30 da chiqib ketdim. 12:45 lar atrofida masjidga kirib bordim.

Havo rosa issiq. Tinmay terlayapman. Kech qolganim uchun joylar toʻlib boʻlgan. Soya joy haqidayu gap-soʻz boʻlishi mumkinmas. Azonga yaqin biror qatorga qoʻshilib olarman deb turdim. Oʻlganni ustiga tepgan qilib yengi uzun koʻylak kiyvolgan ekanman, pechkani ichida oʻtirgandek boʻlib turdim.

Azon aytildi, sunnat oʻqildi. Xutba vaqti mendan oldingi qatorda joy boʻshagandi, orqadan bir aka oʻsha yerga oʻtdi. Akaning ko'rinib turgan yuz, qoʻl, oyoqlariga yarq etib koʻzim tushdi: oq dogʻlar rosa koʻp edi... Kamgina joyida asl teri rangi qolgan, boshqa joylar oq dogʻ edi. Imom xutba oʻqyaptiyu hayolim bir yoqlarni aylanib keldi...

Aka kuniga koʻcha-kuyda yurganda 1000 ga yaqin odamga duch keladi. Har birlari akaga koʻzi tushsa, oq dogʻlarni koʻradi. Birovlari tikilib qolar, birovlari eʼtibor bermas, birovlari jirkanar, yana birovlari qoʻrqib ketar va hokazo. Oʻzlariga boʻlayotgan bu noodatiy qarashlarni koʻrayotgan akaning ichidan nima hislar oʻtarkin? U aka boshqalarga oʻxshab oq dogʻlari yoʻq boʻlishini, koʻcha-kuyda bemalol, odamlarning eʼtiboriga tushmasdan yurishni xohlar.

Payti kelib sovchilikka borsa, qiz taraf «yigitning yuzlarida dogʻlari bor ekan» deb qaytarishsa qanday holatga tusharkin? Sovchi kutgan tomon tushungan odamlar boʻlsayu, koʻngilga botmaydigan qilib rad javobini beradi. Baʼzi ahmoqlar esa hech ikkilanishsiz yuqoridagi javobni beradi, narigi odamga qanday taʼsir qiladi deb oʻylamaydi.

Bir qizga uylandi ham deylik. Farzandli boʻladi. Farzandlari katta boʻlib otalari bilan ubu joyga borishsa, odamlar otasiga boshqacha nazar bilan qarayotganini koʻradi va bu holat davomiy takrorlanib turadi. Bu farzandlarning holati nima kecharkin, ichidan qanday hislar oʻtarkin? Nega mening ham otam boshqa otalar kabi koʻrkam yuzli emas? - der balki, qaydam.

Bu qatorlarni koʻp davom ettirish mumkin. Bir qarindoshimizda ham shunday oq dogʻlar bor edi. Faqat ularda juda kam joyda edi, yuqoridagi akadagi kabi ko'p emas edi. Bir amallab, anchagacha shifokorlarga qatnab dogʻni biroz kamaytirgan. Lekin baribir oʻrni bilib turadi hozirgacha. Yaʼni bu dogʻlarni yoʻqotish qiyin. Balki umrini oxirigacha shunday qolib ketar...

Bunday vaziyatda faqatgina Allohga boʻlgan taslimiyat — Islom insonni qutqarib qolsa kerak. Alloh menga shu narsani ravo koʻrgan, tamom - degan aqiydagina yuqoridagi kabi oʻkinchlarni ortga surib turolsa kerak. Bo'lmasa qadardan norizo bo'lib, Allohga isyon qilib, sinovli dunyoning imtihonidan qoniqarsiz baho bilan oxiratga borishi mumkin. Oʻsha aka ustilariga yengi uzun kiyim kiyib olgan edi. Balki kaftlarining tepasida (kaftlarigina ochiq edi) ham shunday oq boʻlgani uchun, u yerlarini berkitish uchun shunday jaziramada yengi uzun kiyim kiygandirlar...

Bizga berilgan neʼmatlar bisyor... Ularni bilish, bilish bilan birga shunday neʼmatar bilan siylanganni his qilishni nasib qilsin. «Bas, Robbingizning qaysi neʼmatini yolgʻonga chiqarursiz?!»

#tund