Get Mystery Box with random crypto!

XOTIRAM SINIQLARI Doston Hurriyat, keldingmi – nahotki keldi | Zulfiyaxonim haqida

XOTIRAM SINIQLARI

Doston

Hurriyat, keldingmi – nahotki kelding,
Pinhona sog‘indim, pinhona kutdim.
Yomg‘irga bag‘rini tutgan sahrodek –
Sening nasimingga qalbimni tutdim.

Mana, qalb – baxtu dard to‘la dengizim,
Mavjlari shuhratim, hijron, o‘kinchim.
Qo‘rquv kalxatlari tegib sindirgan –
Yodim siniqlari ostda – cho‘kindi.

Yodim siniqlari, qalq, ovoz beray,
Qalqdi, yuragim, chida, ber bardosh.
Qaragin titroqda – hammasi jonli,
Qara, hammasining yuzi qontalash…

Bu onam – tangrining baxtli onida
Ayri ixlos bilan yaratgani chin.
Qarog‘ida mehr sha’mlari yoniq –
Gullagan o‘rikday orasta otin.

Kun toyib, shu’lalar ko‘chgan ufqqa,
Sayroqi qushlarning tinganda bazmi,
Onam dilimizni chorlab qo‘shiqqa,
Nim-nim sochar edi mumtozlar nazmin.

So‘fi Olloyormi, devona Mashrab
Bayozlarin o‘pib qo‘lga olardi.
Yumushmi, o‘yinmi – barini tashlab,
Sehrli olamga kirib borardik.

Rangu ohanglarni jonga quyganda,
Shu’laga to‘lardi butun koinot.
O‘zimni sehrga asir tuyganda,
Yurakda yozardi qo‘shiq o‘t qanot.

Yangamga esh bo‘lib tikdim palagim,
Qog‘ozdan sir tutgan satrimni tepchib,
Gullardi palakda shirin tilagim –
Ko‘zimdan yoshlikning nurlarin ichib.

Hovlimiz ziynati jambil, rayhonday,
Otam ta’biricha edim boychechak.
Hali biz sezmagan qora qish aro
Nahot, jonlanmoqda ishq otlig‘ chechak…

Va hademay sezdik bu qahramonni,
Tig‘day tillarida yalay boshladi.
Qadami yetganda har xonadonning –
Quvonchi bujmayib, so‘liy boshladi…
… Aka ko‘zingizda otash bor edi,
Aka, joningizda quyosh bor edi,
Sultonlikka loyiq kelbat, layoqat,
Sardorniki yanglig‘ bardosh bor edi.

Sizni-da qora tun oldilarmikin,
Qo‘lingizga kishan soldilarmikin,
Yukinish, yalinchmas – g‘ururni ko‘rib,
Vahshiy g‘azablarda yondilarmikin?!

Aka, jonim akam – jondoshim akam,
Oltmish yil izimga qaytib yig‘layin,
Bo‘g‘zimda tosh bo‘lgan yo‘qlovlarimni
“Oh”larim eritar – aytib yig‘layin.

Singilni “mehrdan bino” deydilar,
Ko‘z yoshga yetdimi mehrimning kuchi!
Gunohsiz, jonimning qotillariga
O‘q qilib otdimi nafratim, o‘chim?

… Buncha chidam qaydan – po‘lat, olovdan,
Metindan yaralgan jonmidi otam…
Otash og‘ushidan topib bizga non,
G‘amga ham chidamli bo‘larkan odam.

Onam qo‘llarida mushtdek tugunchak,
Tosh shaharni kezar avaxta izlab,
Avaxta nechadir, zor ona necha,
Nechalar yashardi zamonni “siz”lab.

Keksa ko‘zlarida mo‘ldir va mo‘ldir
Qotgan ko‘z yoshlarga boqardim hayron.
Bu sokin jussani kemirar ne sir,
Ne bois muttasil dillari vayron…

Kuni bo‘yi kezib, bukchayib, tolib,
Keksa bag‘rin yerga berib yotardi.
Biz nochor bir-biriga ezilib boqib,
Sukut dengiziga og‘ir botardik.
Onam, “suv boshidan loyqa” derdingiz,
Bilmasdik bu gapda haqiqat zuhur,
Muhtasham binoda sirli, yashirin
Asl yigitlarga qazilardi go‘r.

Qolganda azoblar iskanjasida,
Ota, bir ko‘rmadik ko‘zingizda yosh.
Yashab umidlarning pok sajdasida,
Hatto yovingizga otmadingiz tosh.

Va faqat dedingiz: “Soldim xudoga”,
Bu qirg‘in doyasi xudosizlar-ku.
… Sabr, qanoatdan yaralgan elim,
So‘qir ham o‘ziga so‘qmoq izlar-ku!

Norg‘ul o‘g‘illaring qirildi qushday
Sibirning nur tushmas o‘rmonlarida.
Sen esa yasharding misoli tushda
Turtinib g‘ofillik tumanlarida.

Menmi? Men shu qadar yosh edim hali.
Yoshlik – g‘am – begona biri-biriga.
Qutulmoqqa anduh botqoqlaridan
Osildim muhabbat shodliklariga.

Menmi? Men ishq otlig‘ bir jahon aro
She’r tinglab, she’r tizib – she’rlarda qoldim…
Bexishtiy jaranglar – jonimga oro –
O‘zimning baxtimda o‘zim yo‘qoldim.

Baxt qasrimga kirib meni topdi dard,
Urush, yozda yoqqan qor kabi o‘lim.
O‘ttizga yetmayoq sochim qor yalab,
Ko‘z yoshim soyiga to‘kildi gulim.

Onam, donolikda yagona onam,
Isyon ko‘tarishdan bermabsiz saboq,
Ustimga ketma-ket tog‘ qulagan dam
Qoldim yashin urgan polopon siyoq.

Bo‘ldi, bas! Jangdan so‘ng horg‘in sarkarda
Tirik askarlarin tizganday qator –
Men tirik hislarim bir joyga yig‘dim
Va kuchli yashashga ayladim qaror.

Yurtni bo‘ron bo‘lib kezdim bosh-oyoq,
Qabristonlar aro quyunday yurdim,
Eng kichik giyoh ham nazdimda uyg‘oq,
Faqat el-elatni sukutda ko‘rdim.


@Zulfiyaxonim_haqida_sherlari