Get Mystery Box with random crypto!

TUN Tog’ ortiga o’tib ketdi kun, Sokin cho’kdi toza, salqin t | Zulfiyaxonim haqida

TUN

Tog’ ortiga o’tib ketdi kun,
Sokin cho’kdi toza, salqin tun...

Men deraza ochganim chorbog’,
Sokin uxlar tun ko’rpasida.
Mayin qo’shiq yoyilar har yon,
Esib o’tgan yel sharpasida.

Suv oqadi allalab tunni,
Hamma uxlar, uyda men uyg’oq,
Parcha qog’oz, kichik bir qalam
Boshim uzra porlaydi chiroq.

Tunda qancha xayol, qancha kuy,
Men berilib quloq solaman.
So’z topolmay ifodasiga,
Rang axtarib shoshib qolaman.

Sof yel esar... Parvona uchar,
Chiroq atrofida o’rgilib,
O’zin urib part bo’ladi-yu,
Stolimga tushadi kelib.

Men yozaman, yulduzlar o’tar,
Har birisi so’ylar bir ertak.
Mana, Hulkar qarshimda chaqnar,
Yorqin tongdan keltirib darak.

Tun o’tadi, yana chorbog’dan
Ko’tarilar sahargi tuman.
Men-chi, asta chiroq so’ndirib,
Otayotgan tongni kutaman.

Ko’zlarimda erib ketdi tun,
Yoyilmoqda yorqin juvon kun...

@Zulfiyaxonim_haqida_sherlari