Get Mystery Box with random crypto!

Siz tanish va do’st o’rtasidagi farq nimada ekanligini bilasiz | Zafar Sobitov 🪐

Siz tanish va do’st o’rtasidagi farq nimada ekanligini bilasizmi?

“Ey, bu juda oson-ku!” deyayotgandirsiz. Haqsiz, tanish odam shunchaki tanish, biz uni yaxshi bilmaymiz, munosabatlarimiz qalin emas. Do’stlarni esa anchagina yaxshi bilamiz va ular bilan tez-tez birga vaqt o’tkazamiz.

Eng asosiy farq esa, biz do’stlarni hech qachon unutmaymiz, tanishlarni esa osongina yoddan chiqarib qo’yamiz. Biror-bir eski tanishingizni ko’rsangiz, “uning ismi nima edi-ya?” deb o’ylab qolasiz.

So’zlar ham aslida shunday. Ba’zi so’zlar sizning do’stlaringiz, ular doim yordamga shay. Ba’zilari esa shunchaki tanishlaringizdir, ularni osongina unutasiz va kerakli paytida ular ko’pam yordamga oshiqmaydi.

So’zni haqiqiy do’stingizga aylantirish uchun nima qilishingiz kerak?

Avvalo, so’zni shunchaki emas, sinchiklab o’rganishni odat qiling.
Nafaqat, uning o’zbek tiliga tarjimasi va izohi, balkim uning qaysi so’z turkumiga oidligi, uning sinonim va antonimlari, agarda predloglari bo’lsa, predloglarini ham o’rganing. Uning to’g’ri talaffuziga alohida e’tibor qarating. Bundan tashqari, so’z stilistikasini ham unutmang. Ya’ni, bu so’z qanday konteksda ishlatilashi, uning og’zaki yoki yozma uslubga xosligi, qanday mavzularda suhbatlashganda ishlatilishi va hokazo. Ushbu so’zdan bir necha gaplar tuzing va o’zingizga o’zingiz takrorlang.

Avval aytganimizdek, bitta so’zga 7 marta (!) duch kelsangiz, bu so’zni eslab qolish imkoningiz kattaroq. Shuning uchun ham, ingliz tilida ko’proq istalgan mavzuda darajangizga mos matnlar o’qishni yoki audiolar tinglashni odat qiling.