Get Mystery Box with random crypto!

​​#ijtimoiy_soliq 25 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga to‘langan i | Yoshlar ishlari agentligi

​​#ijtimoiy_soliq

25 yoshgacha bo‘lgan xodimlarga to‘langan ijtimoiy soliq summasini qaytarishga ariza berish tartibi qanday?

2021-yil 1-maydan 2023-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to‘liq
qaytarib beriladi
(PF-6208, VM-460-son).

Bunda:
ijtimoiy soliq summasi qoplab berilishi so‘ralayotgan yosh xodim hisobot oyida 25 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
25 yoshgacha bo‘lgan yosh xodim uzluksiz 6 oy davomida mehnat faoliyatini amalga oshirgan bo‘lishi;
ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda ijtimoiy soliq uzluksiz to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat mavjud bo‘lishi lozim.

Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan ish beruvchining arizasi rad etiladi.

25 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun ijtimoiy soliq summasini qaytarishga ariza berish uchun:

My3.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinetga elektron raqamli imzo (ERI) yordamida kiriladi. “Xizmatlar” “Soliq majburiyatlari” “Ijtimoiy soliq summasini qaytarish” bo‘limlari ketma-ketlikda tanlanadi.

Ochilgan oynada ish beruvchi haqidagi maʼlumotlar avtomatik shakllanadi.

Ijtimoiy soliq summasini qaytarish so‘ralayotgan davr ko‘rsatiladi.

2022-yil dekabr oyi uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini qoplab berish uchun ish beruvchi tomonidan ariza berishning oxirgi muddati – 2023-yil 1-aprel.

Tegishli sanalar kiritilgach, korxonaning 6 oy davomida uzluksiz ishlagan 25 yoshgacha bo‘lgan xodimlari ro‘yxati va ijtimoiy soliq summasi avtomatik tarzda shakllanadi.

Maʼlumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi, xususan, ijtimoiy soliq stavkasi, miqdori va yuridik shaxsning bank rekvizitlari - pul mablag‘lari qaytariladigan hisob raqami tekshiriladi.

“Ariza shakllantirish” tugmasi bosiladi. So‘ngra ariza va uning ilovasi shakllanadi. Ilovani saqlash va chop etish mumkin.

Kiritilgan maʼlumotlarning to‘g‘riligiga yana bir bor ishonch hosil qilingach, “Arizani yuborish” tugmasi bosiladi.

“Yuborilgan arizalar” bo‘limida ariza holati, ijrochisi va ko‘rib chiqish muddatlari haqida to‘liq maʼlumotlar aks ettiriladi.

Ariza 5 ish kunida o‘rganib chiqiladi.

Taqdim etilgan ariza barcha talablarga javob bersa, 1 ish kuni ichida shakllantiriladigan soliq organlarining tegishli xulosasi bilan birga Moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilikka yuboriladi.

25 yoshgacha bo‘lgan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini qaytarish tartibi budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ijtimoiy soliq summasini qaytarib olish bo‘yicha videoqo‘llanma

Telegram sahifamiz @yoshlaragentligi