Get Mystery Box with random crypto!

​​ Shifokorlar beshik xususida aniq bir to‘xtamga kelishmagan. | Yosh onalarga maslahatlar

​​ Shifokorlar beshik xususida aniq bir to‘xtamga kelishmagan. Ular beshikni munozarali mavzu hisoblaydilar.
Masalan, tibbiyot fanlari nomzodi Nizom Ermatov, oliy darajadagi jarroh Tojiboy Yoqubov, shifokor O'ktam Qo‘chqorovlar o‘z maqolalarida («Shifo-info» gazetasi) beshikka ijobiy baho berganlar.
Professor Mamazoir Xo‘jamberdievning fikricha esa, beshikning muttasil va suratli tebratish bola miyasiga shikast yetkazishi, hali yaxshi qotib ulgurmagan bosh suyagining sinishiga va miyaga qon quyilishiga olib kelishi mumkin. U o‘z fikrlarini 10 yil burun Farg‘ona vodiysida tadqiqot olib borgan shotlandiyalik pediatrlar natijalari bilan isbotlashga urinadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra taxminan har 100 ming go‘dakdan 25 tasida bosh suyagi deformatsiyasi yoki jarohatlanishi kuzatilgan.
Andijon tibbiyot instituti professori Rishat Osmanovning fikriga ko‘ra bir xil holatda 10-15 soat uzluksiz yotishi bola sog‘lig‘i uchun xavfli. Chaqaloqni yelka, qorin va oyoq qismidan qattiq bog‘lash ham qon aylanishini buzadi, suyaklarning qiyshiq o‘sishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek Osmanov bola beshikda harakatlana olmasligi natijasida mushaklari yaxshi rivojlanmay qolishi hamda organizmda modda almashinuvi buzilishi mumkinligini ta'kidlaydi.
Ellik yillik ish tajribasiga ega, bolalar ortopedi va travmatolog Kozim Qobilov esa bunday qarashlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Uning fikricha, beshikda yotish suyaklarning qiyshiq o‘sishiga olib kelmaydi. Zero suyaklarning qiyshiq o‘sishi asosan raxit kasalligi bilan bog‘liq. «Beshikdagi qovuz bolaning shakliga moslashadi va umurtqaning to‘g‘ri o‘sishiga yordam beradi. Oyoqlardagi «O» va «X»simon deformatsiyalarning beshik bilan aloqasi yo‘q. Chunki, bunday qiyshiq o‘sish holatlari bola yura boshlagandan keyin qaysidir yuzaga kelishi mumkin», deydi ortoped Qobilov.
Beshik tebratganda go‘dak bosh suyagining shikastlanishi faqatgina boshning yog‘och qismlarga qattiq zarb bilan urilganda sodir bo‘ladi. Odatiy beshik tebratishlarda bu holatning yuzaga kelish ehtimoli kam. Shotlandiyalik pediatrlarning tadqiqotidagi ko‘rsatkich ham juda past (0,00025 foiz) ekani esa beshikni yoqlaydigan shifokorlar e'tiborini tortgan. Shikastlangan chaqaloqlar esa beshikni noto‘g‘ri tebratish yoki boshqa sabablar tufayli zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, go‘daklarning to‘liq bitmagan va yumshoq bosh suyaklarining kompensator imkoniyatlari baland bo‘ladi. Ularda bosh suyak deformatsiyasi kam uchraydi. Shuning uchun miya chayqalishi, bosh suyagi shikastlanishi kabi holatlarga beshikni sababchi qilib ko‘rsatish yetarli asosga ega emas. Ayniqsa, sog‘lom tug‘ilgan bola uchun beshikning zarar yetkazish ehtimoli juda kam.

Qanday chaqaloqlar beshikka belanmaydi?
Chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi (noto‘g‘ri o‘sish) bilan tug‘ilgan go‘daklarni beshikka belamaslik kerak. Sababi, ularning oyoqlari biriktirilmagan holda, ochiq turishini tavsiya etishadi. Bolada bunday tug‘ma kasallik bor-yo‘qligini bilish uchun ortoped ko‘rigidan o‘tkazish lozim.
Tug‘ma yurak poroklari bo‘lgan bolalarda ba'zan nafas olishi qiyinlashish holatlari uchraydi. Shuning uchun ularga ham beshik tavsiya etilmaydi.
Ko‘pincha katta vazndagi chaqaloqlar tug‘ilish jarayonida bosh suyagi deformatsiyalanadi. Natijada, bosh suyagi ichidagi qon bosimi baland bo‘ladi. Bezovtalanish va injiqlik shu kasallik bilan og‘ringan bolalarga xos. Ular beshikka belansa, beshikni juda ohista tebratish lozim.

@Yosh_onalarga_maslahatlar
@Marhabo_Karimova_sherlari
@Homiladorlik_davri
@Ogilmi_qizmi