Get Mystery Box with random crypto!

Bugun o‘zbekning asl ijodkorlaridan biri, tom ma‘nodagi jaydar | Yer chekkasi

Bugun o‘zbekning asl ijodkorlaridan biri, tom ma‘nodagi jaydari, dangal ‘‘erkak‘‘ shoiri, Boysun farzandi Usmon Azim tug‘ilgan kun. Quyida biroz lirik chekinish o‘rnida shoir ijodiga nazar solamiz..

SEVGIMIZ O‘LDIMI...

Sevgimiz o‘ldimi — libosingiz ko‘k?
Ko‘nglingiz — begulxan, ko‘zingiz — becho‘g‘.
Bizdan borish yo‘qdir, sizdan kelish yo‘q,
Kelishsiz dunyoda beg‘am, azizim,
Nega ko‘zlaringiz benam, azizim?

O‘t yetdi — qaqshatdi band-bandlarimni,
Tuproqda sochdingiz balandlarimni,
Aqlimni, dilimni — bebaxtlarimni
Borishsiz dunyoga otgan, azizim,
Olisda oy kabi botgan, azizim —

Chunki tunga aytar rost "oh"ingiz yo‘q,
Falakda kezgani sha'n, rohingiz yo‘q,
Nechun kelmaysiz, gar gunohingiz yo‘q —
Boqaman: nigohim — gumon, azizim,
Yo‘llaring tumandir, tuman, azizim.

Qarang, ming bir bargda kuzak uchadir, Qizil-sarig'ida — yurak uchadir,
So‘ngaklar uchadir, suyak uchadir —
Bu to‘fon — xazonlig‘ menman, azizim,
Sizsiz ming kuzakka tengman, azizim.

Ammo siz sarg‘aymang — gulli bog‘ bo‘ling,
Yam-yashil ko‘karing, mudom sog‘ bo‘ling,
Bahorning bag‘rida beadog‘ bo‘ling —
Axir, qarg‘aganim sizmas, azizim,
Ikki kuz dunyoga sig‘mas, azizim...