Get Mystery Box with random crypto!

Putin yengilmoqda Mag‘lubiyatga uchrayotgan Putin kecha eng | XPRESS

Putin yengilmoqda

Mag‘lubiyatga uchrayotgan Putin kecha eng so‘nggi, eng xavfli qurollarini hali ishlatmaganini eslatishga majbur bo‘ldi: Ukraina va G‘arbga yadroviy qurollar va gipertovushli raketalari bilan dag‘dag‘a qildi. Voqealarning hozirgi rivoji Ukrainaning g‘alabasiga ishora qilmoqda, biroq qaysidir pallada Putin yadro qurollarini qo‘llashni buyursa va rus generallari bu buyruqqa qarshi chiqolmasa, barchasi bir soniyada o‘zgarib ketishi mumkin.

To‘rt sutka davomida Rossiya xalqi minglab qurbonlar berdi: Ukraina rus armiyasining 4 mingdan ortiq askari halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Kecha Rossiya tomoni yo‘qotishlari borligini birinchi marta tan oldi, lekin aniq raqamlarni keltirgani yo‘q.

Shu paytgacha Ukrainaning birorta ham yirik shahri egallangani yo‘q. Taxminlarga ko‘ra, ukrain armiyasining kutilganidan ancha jiddiy qarshiligi, bosqinchilar safida qurbonlarning haddan ziyod ko‘pligi, rus askarlaridagi ruhiyat, harbiy texnikaning eskirgani va ta’minotdagi muammolar hujumning susayishiga sabab bo‘lmoqda.

Ukrain xalqi, armiyasi va prezidenti qahramonlik ko‘rsatmoqda. Zelenskiy qamal qilingan Kiyev mudofaasida turib, G‘arbga qo‘ygan qat’iy talablari, keskin murojaatlari samara berdi: Ukrainaga qo‘shimcha moliyaviy va harbiy ko‘mak ajratilmoqda. Umuman, bu yordam yetib kelmasidanoq Ukraina o‘z oldidagi minimum vazifani uddalab bo‘ldi: bu vazifa G‘arbning Rossiyaga nisbatan bosimi keskin kuchaymagunga qadar yengilmaslikdan iborat edi. Endilikda esa Rossiya har tomondan misli ko‘rilmagan darajadagi “sanksiyalar bombasi” ostida qoldi.

Bugun butun dunyo jamoatchiligi urushni qoralayapti. Yuzlab shaharlarda Ukrainani qo‘llash aksiyalari ketmoqda. Bir necha daqiqadan so‘ng Belarusda tomonlar ilk marta muzokaralar stoliga o‘tiradi, biroq bu muzokaralarga ko‘p ham umid bog‘lanayotgani yo‘q. Sanksiyalar tufayli milliardlab dollar pulini yo‘qotayotgan Rossiya elitasi bu qirg‘inbarotni to‘xtatishga Putinni ko‘ndirishi – urushni to‘xtatishning asosiy yo‘li deb ko‘rilmoqda.

Suratda: Kiyev mudofaasi uchun qolayotgan ko‘ngilli Kramatorskdagi vokzalda mamlakat g‘arbiga evakuatsiya qilinayotgan sevgilisi bilan vidolashmoqda

Xpress.uz – Siz kutgan format