Get Mystery Box with random crypto!

Tunlar Tinch... hayollarim erkin to‘siqsiz Oymomo ishq | XAYOL | BEKATI...

Tunlar

Tinch... hayollarim erkin to‘siqsiz
Oymomo ishq bilan kulib boqadi
Dardlarimni tinglar ko‘kdagi yulduz
Menga sokin o‘tgan tunlar yoqadi

Tomchilar yomg'irlar shitirlar maysa
Yomg'irdek ko‘zimdan yoshlar oqadi
Hayotda eng sevgan daming qay desa
Aytaman menga jim tunlar yoqadi

Izlamayman endi imkon va yechim
Agar kerak bo'lsam o‘zi topadi
Sevmasni sevishga yetmaydi kuchim
Menga meni sevgan tunlar yoqadi

Jim tinglar so‘zlasam hamdardek turib...
Ovutib uyquga ko‘zim yopadi...
Yig‘lab kelamanu uhlayman kulib
Menga alla aytgan tunlar yoqadi

Hayot goh sarobdek tuyular ekan
Ruxim saroblarda yayrab chopadi....
Gohi seni hech kim tushunmas ekan
Shunda tushunguvchi tunlar yoqadi...

Rosti o‘ylashdan ham charchadim barin
O‘ylarim ko'nglimga og‘ir botadi
Nursiz ham nurlari turgandek zarrin
Menga nurga cho‘mgan tunlar yoqadi

O‘lishga jurat yo‘q yashashga yurak
Ayro yo‘llar o‘tsiz qalbim yoqadi
Sen yolg‘iz emassan deb berar darak
Meni yolg‘iz etmas tunlar yoqadi

Tinch... hayollarim erkin to‘siqsiz
Go‘yo havas qilib kunlar boqadi
Sokin... bag‘ridaman hech qanday dardsiz
Menga meni sevgan tunlar yoqadi