Get Mystery Box with random crypto!

Bugun ikkita raqamga ko’zim tushdi: Birinchisi, bu yil oliy t | Uzbekonomics

Bugun ikkita raqamga ko’zim tushdi:

Birinchisi, bu yil oliy ta’lim muassasalariga abiturientlarning taxminan 10 foizi qabul qilinar ekan. Yuz mingdan ko’proq o’rinlarga milliondan ko’proq abiturientlar. Bu degani o’sha 2018 yilgi ko’rsatkich deyarli o’zgarmabdi. Maqolani keyingi yil “5-yildan so’ng” degan davomini yozish kerak ekan.

Ikkinchisi, o’sha bir milliondan ko’proq abiturientlarning yarmidan ko’pi o’tish ballining eng past darajasidan ham kamroq ball to’plabdilar. Agar bularning yarmidan ko’pi tavakkalga topshirganlar, yoki nomiga qayta topshirib qo'yganlar bo’lsa ham, qolgan yarmining atiga 20 foizi o’qishga qabul qilinishi baribir baland ko’rsatkich emas.

Savol tug’ilishi mumkin, universtitetlarga kirish testlari shunchalik qiyinmi va bilimni yaxshi tekshira olmayaptimi yoki teskarisi, maktabdagi bilimlar (to’g’rirog’i repetitorlar) to’g’ri tuzilgan imtixondan o’tishga yetarli bilim bermayaptilarmi? Balki ikkalasi ham, balki hech qaysi. Agar, masalan eng minimal ballni ham 500 mingda abiturient olmabdi, bunga kimlar va nimalar aybdor degan ro’yxat qiladigan bo’lsak, men oxirgi o’rinlarga (ya’ni eng aybsiz) abiturientlarning o’zini qo’ygan bo’lardim.

Nima bo’lgan taqdirda ham, kelajakdagi (va orzudagi) mamlakatimizda universitetga kirish uchun maktab o’quvchilari repetitorlarga va o’quv markazlariga umuman bormaydilar. Chunki, bunday xizmatning zaruriyati qolmaydi - maktabda olingan bilimlarning o’zi universitet qabuliga yetarli bo’la oladi. Ya’ni, repetitorlik xizmatlari, turli fanlar bo’yicha institutga tayyorlaydigan o’quv markazlarning mavjudligi o’zi muammo emas, ular ta’limdagi bo’shliq borligini ko’rsatyaptilar. O’sha mamlakatda, chet tillari, bazaviy kompyuter savodxonligi, statistika, shaxsiy moliya vhkz fanlarni o’quvchilar aynan maktabda o’rganadilar, universitetga kirish uchun qo’shimcha to’garak va boshqa muassasalarga borishga ehtiyoj qolmaydi. Maktab o’quvchilariga asosiy bilimni repetitor beradigan tizimga kelib qolinishining eng katta oqibatlaridan biri o’sha ta’limga bo’lgan imkoniyatlarni tengsizlashtiradi, insonlarni kambag’allashtiradi. Repetitorga mablag’i yetarli bo’lmagan oiladan chiqqan o’quvchi nima qilsin? Bundan tashqari, o’sha mamlakatda o’qituvchi va murabbiylarda qo’shimcha repetitorlik qilishga rag’bat va ehtiyoj qolmaydi, chunki ular maktab/universitetdagi asosiy faoliyatlari doirasida yetarlicha rag’batlanadilar va eng muhimi, ularda akademik erkinlik bo’ladi.

Xullas, o’quvchi asosiy bilimni repetitordan olishi va domla asosiy faoliyati/daromadini repetitor orqali olishi buzilgan muvozanatni aks ettiradi.

Shu o’rinda ijobiy kuzatuvni ham aytib o’tib ketishim kerak. Oxirgi paytda juda ko’p yosh o’zbekistonliklar chet eldagi universitetlarga kirayotganlarini, o’qishni boshlayotganlarini ko’ryapman. Ayniqsa oxirgi 2-3 yil ichida bu jarayon ancha tezlashib qolibdi. Bizning yoshlar turli fan yo’nalishlarida, maktabning yuqori sinflaridan boshlab doktaranturagacha bo’lgan bosqichlarda, xaritada Avstraliyadan tortib Kanadagacha bo’lgan mamlakatlarda o’z tengdoshlari bilan raqobatni yutib o’z yo’llarini topmoqdalar. Ba’zilarini taniganim, ozgina bo’lsa ham arzimagan maslahat/yo’nalish berganim uchun ikki karra hursand bo’laman. Aslida chet elda o’qishga ketayotgan talabalarning soni ko’payishini men ijobiy natija deb hisoblayman, keng tan olingan narrativ va xulosaga teskari bo’lsa ham. O’sha xulosaga ko’ra, masalan, chet elga bakalavrga o’qishga ketgan o’zbekistonlik bu mamlakat boy bergan, qo’ldan chiqargan navbatdagi kadr deb hisoblanadi. Ya’ni, “mana o’zimizda olib qola olmadik, ketib qoldi” deb. Men esa aksincha, har bir o’qigan, ilm olgan o’zbekistonlikni mamlakatning yutug’i deb hisoblayman, qayerda va qaysi chegara ichida o’qishidan qat’iy nazar.

@uzbekonomics