Get Mystery Box with random crypto!

​​Barchamizga shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g’alaba muborak | Uzbekonomics

​​Barchamizga shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g’alaba muborak bo’lsin! Qahramonlarning ota-onasi va ustozlariga rahmat.
O’zbekiston ko’z oldimizda dunyo xaritasida shaxmat mamlakatiga aylanib borayotgani juda quvonarli. Bu iftixorlarimiz tufayli keyingi avlod yoshlarida ham shaxmatga qiziqish ortishi tabiiy. Rustam Qosimjonovning sharafli yillari va hozirgi shaxmatchilarimizning yoshlari to’g’ri kelishini inobatga olsak, Qosimjonov g’alabalari mamlakatda shaxmatga qiziqishni o’shanda oshirganini bilsak bo’ladi.

Bu shaxmatchilarni tadbir/tabrik/bayramlar bilan kamroq chalg’itamiz deb umid qilaman. Barchasi juda kamtar, og’ir-bosiq yigitlar ekan. O’sishlari davomiy bo’lsin.

Qizlar terma jamoamiz ham bizning katta faxrimiz! Ularni ham esdan chiqarmaylik. Aslida shu haqda qisqacha yozmoqchi edim. Esingizda bo’lsa 2020-yil oxirida Netflixda Queen’s Gambit tv-shousini tomosha qilgandik. Undagi asosiy qahramon iste’dodi va qobiliyati bo’lsa ham faqatgina qiz bola bo’lgani uchun ko’pchilik uni mensimaganligiga qaramasdan o’z orzusiga yetishish uchun to’xtamagani aks ettirilgandi. Gari Kasparov ham bir payt adashib aytgandi, shaxmatda erkaklar ayollardan har doim ustun deb. Aslida unday emasligini bilamiz. Erkak shaxmatchilar ayollardan qobiliyatliroq degan xulosa ham noto’g’ri. Nega unda dunyoda ayol grossmeysterlar kamroq degan savol ham o’rtaga chiqqandi.

Mening fikrimcha, ko’p jamiyatlarda qizlarga yoshligidan raqobatlashish hislatlarini emas balki bo'ysunishni o’rgatadilar, shaxmat esa bu raqobat va raqibni yengish musobaqasi. Bundan tashqari, afsuski qizlar yoshligidan o’g’il bolalarga nisbatan uncha rag'batlantirilmaydilar, qo’llab-quvvatlanmaydilar. Oilada ham jamiyatda ham. “Baribir erga tegib ketadi, uning ta’limi, rivojlanishi uchun kuch, vaqt, sarmoya o’zini oqlamaydi, o’g’il bolaga sarmoya esa o’zini oqlaydi, u bizning boquvchimiz axir” deydiganlar kam emas. Jamiyatdagi muvozanat shunga olib kelgan-da. Natijada qizlarimizdagi iste’dodlar kashf qilinmay qolib ketaveradi, rivojlanmaydi. Ilm-fanda, ta’limda shunday kashf qilinmay qolib ketgan qizlarimiz qancha…. O’g’il bolalarda esa shaxmatga kirib kelish osonroq va tabiiyroq. Yana bir faktor bu aylanma tsikl, ba’zi erkaklar ayollarni shaxmatda, siyosatda, fizikada vhkz, kuchsizroq deb o’ylagani tufayli paydo bo’lgan zaharli munosabat ayollarni o’sha shaxmatdan, ilm-fandan, siyosatdan haydab chiqaradi, jarayonda ishtirok etishiga to’siqlarni yaratadi.

Xullas, istalgan sohada, ba’zi muvaffaqiyatga yetgan o’g’il bolalarning ortida oilada nisbatan kamroq rag’bat, e’tibor, qo’llab-quvvatlash olgan singlisi-opasi bo’lishi mumkinligini unutmaylik. Aslida, unga yo’l ham qo’ymaylik. Qizlarimiz nafaqat shaxmatda, balki ilm-fanda, siyosatda, tadbirkorlikda va umuman barcha sohalarda soni ham o’rni ham oshib borsin.

@uzbekonomics