Get Mystery Box with random crypto!

Yana bir bor xarajatlar va davlatning puli^ haqida. ^aslida | Uzbekonomics

Yana bir bor xarajatlar va davlatning puli^ haqida.

^aslida davlatning puli degan tushuncha yo’qligini qayta-qayta aytish kerak, soliq to'lovchilarning puli bor. Shuning uchun bu davlatning puliga kelgan, davlat to’lab qo’ygan, davlatning hisobiga qilingan degan gaplarga tuzatish kiritib soliq to'lovchilarniki ekanligini eslab ketish zarar qilmaydi. Shu bilan birga, mamlakatda hech narsa bepul emasligini va tekinga kelmaganini eslatish ham zarar qilmaydi.

Xullas, pulni sarflashning to’rt yo’li bor:
1. O’zingizning pulingizni o’zingiz uchun sarflaysiz. Masalan, o’qishga to’laysiz, kiyim olasiz.
2. O’zingizning pulingizni boshqalar uchun sarflaysiz. Masalan, do’stingizga sovg’a olasiz.
3. Boshqalarning pulini o’zingizga sarflaysiz. Masalan, korxona korporativ kartochkasiga ovqatlanasiz (yaxshilab).
4. Boshqalarning pulini boshqalarga sarflaysiz.

Birinchi va ikkinchi holatlarda siz pulni tejashga harakat qilasiz. Lekin, o’z pulingizni o’zingizga sarflasangiz qiymat/qaytimni ko’paytirishga harakat qilasiz. Biroq, boshqalarga sarflasangiz qiymat haqida nisbatan kamroq qayg’urasiz.
Uchinchi va to’rtinchi holatlarda siz aksincha, pulni tejashga harakat qilmaysiz. Uchunchisida sizda o’zingizga qiymatni maksimal darajada ko’paytirishga moyillik bor. Biroq, to’rtinchisida, ya’ni, birovni pulini birovga sarflashda sizda pulni tejashga ham qiymatni oshirishga ham rag’bat yo’q.

Buni nega yozyapman? Siyosatchilar, ijro hokimiyati vakillari va ayniqsa saylanmagan hokimlar aynan to’rtinchi guruhga mansublar (ba’zida uchinchisiga ham mansublar deyishingiz mumkin, lekin bu boshqa mavzu). Ular yig’ilgan soliq to’lovchilarning pullarini sarflaydilar, kimga-qayerga-necha pul degan qaror qabul qiladilar (bunday qarorlarni qabul qilish faqat parlamentda bo'lishi kerak aslida, ijro hokimiyati yoki hokimlarda emas). Xullas, ularning ustidan nazorat, hisobdorlik, shaffoflik bo’lmasa pulga bo’lgan qaytimni maksimallashtirishga ularda rag’bat o’zidan-o’zi paydo bo’lmaydi. Bu byudjet, ya'ni soliq to’lovchilarning pullari samarali ishlatilmasligiga olib keladi. Natijada bir amaldor ikkinchisiga sizga Ferrari olib beramiz deydi, yoki boshqasi sizlarni Dubayga ta’tilga yuboramiz deydi yoki boshqasi tilladan 100-metrlik haykal o’rnatamiz deydi va shunga o'xshash hayollar paydo bo’laveradi.

AQShlik bir kongressmen aytgan ekan:
“Bir biridan farqli uch toifadagi odamlar - yosh bolalar, o’g’rilar va siyosatchilar - uchchalasi ham boshqa odamlarning pullarini sarflaydilar. Shuning uchun uchchalasining ustidan nazorat kerak.”

Uzoq orzudagi emas, balk oddiy va normal O’zbekistonda parlament “kuchi” ijro hokimiyatinikidan ko’ra amalda kattaroq bo’ladi deb umid qilamiz, qonunda belgilanganidek. Deputatlar xalq vakili bo’lsa ijro hokimiyati bu ijrochi. Mamlakatdagi har bir insonning hayotiga ta’sir etish nuqtai nazaridan parlamentning faoliyati va deputatlarning qarorlari ijro hokimiyatinikidan ko’ra ancha muhimroq bo’lishi kerak aslida. Fuqarolar o’zlarining ovoz va hohishlari inobatga olinishi, kundalik hayotlari va kelajaklarini hal qilish va unga ta’sir etishning eng asosiy va balki yagona vositasi - deputatlar va parlament orqali. Davlat xarajatlari haqidagi qarorlar esa shu parlament doirasida qabul qilinishi kerak bo’lgan eng muhim qarorlardandir.

@uzbekonomics