Get Mystery Box with random crypto!

​​Toshkentda yo’lkira Nyu-Yorkdan 20 barobar arzon deyishibdi. | Uzbekonomics

​​Toshkentda yo’lkira Nyu-Yorkdan 20 barobar arzon deyishibdi. Aslida teskarisi, Toshkentda Nyu-Yorkdan 2 barobar qimmatroq.

Toshshahartransxizmat AJ rasmiy matbuot xizmati bir necha kun avval yangilik chiqaribdi. Unda xorijiy konsalting kompaniyasi xizmatidan foydalanib aksiyadorlik jamiyatni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqarilayotgani haqida gap tilga olingan. Yangilikdan iqtiboslar keltiraman. Birinchisi quyidagi rasmda:

Men ikki jumlani to’g’ri tushungan bo’lsam,Toshshahartransxizmat daromad/harajatlari o’rtasidagi farq oshishining asosiy sababi bu yo’lkira narxi 4%ga va harajatlar 15% ga oshgani ekan. Narx 4% oshishi, tushum 4% oshganini bildirmaydi, lekin faraz qilaylik bu logika to’gri, ya’ni harajatlar 15%ga va tushum 4% oshgan. Ammo, gap shundaki, narx 1200 so’mdan 1400 so’mga oshishi narxni 4%ga oshganini emas, balki 16.67%ga oshganini bildiradi. Kalkulyatorda siz ham tekshirib ko’ring, balki men adashayotgandirman? Demak, shunda yuqoridagi logikaning teskarisi to’gri bo’lib chiqyaptimi (16.67% > 15%)? Balki matbuot xizmati ushbu matnda 4% deb yozib xato qilgan bo’lishlari mumkin lekin, Facebookdagi rasmiy sahifada ham, OAVda chiqqan yangilikda ham shunday ketgan. Yoki, eng qo’rqinchlisi, konsultantlarning o'zi 1200 dan 1400ga o’zgarishni 4% deb hisoblab berishganmi?

Ikkinchisi:
“Яъни, ҳозирги кунда йўлкира нархи 1 400 сўмни (тахминан 0,13 АҚШ доллари)ташкил этиб, дунёдаги шаҳар йўловчилар транспортидаги энг арзон тариф нархларидан бири ҳисобланиши ҳамда мисол тариқасида Тошкент шаҳрида ўрнатилган йўлкира хақи Нью-Йорк шаҳридан 20 баробар камроқ эканлиги тўғрисида айтиб ўтилди.”

Yangilik o’zi taqdim qilgan taxlil jadvaliga qaraydigan bo’lsak Nyu-Yorkda bir marttalik yo’lkira narxi $2.25 ekanligini ko’ramiz. Yana kalkulyator olamiz, 2.25/0.13=17.3. Ya’ni, Nyu-Yorkda yo’lkira 20 emas, 17.3 barobar ko’proq. Ha mayli, chiroyli raqamga “округлять” qilishgandir.
Umuman, taxlilning sifati meni ranjitdi. Agar qator shaharlarda bir marttalik yo’lkira narxi solishtirib ko’rsatilgan jadvalga qarasangiz Toshkentda yo’lkira narxi eng arzon ekan degan xulosa paydo bo’ladi. Nominal raqamlar ko’rsatilgan xolos. Oslo, Nyu-York va Toshkentni solishtirish uchun umumiy maxrajga keltirish kerak emasmi? Masalan, aholi daromadlaridagi farqlik inobatga olinishi kerak emasmi? Agar Toshkent va Nyu-Yorkdagi jamoat transporti foydalanuvchilari bir oylik median oyligining necha foizi jamoat transportida bir oy harakatlanish abonementiga sarflanadi deb taqqoslansa biroz mantiqiy solishtiruv bo’lar edi, menimcha. Keling shuni solishtiramiz hozir.

- Nyu-Yorkda bir oylik jamoat transport abonementi $127 turadi. Nyu-Yorkdagi bir kishining bir oylik median oyligi taxminan $3333. Ya’ni, Nyu-Yorkda bir kishi o’z daromadining 3.8% (127/3333) qismini yo’lkiraga ishlatadi.
- Toshkentda bir oylik jamoat transporti abonementi 166,000 so’m turadi, ya’ni bugungi kurs bo’yicha $15.4. Toshkentda jamoat transportida yuradigan aholining median oyligini $200 deb faraz qilsa bo’ladimi? Aslida, bundan ham kamroq deylik. Xullas, Toshkentda bir kishi o’z daromadining 7.7% (15.4/200) qismini yo’lkiraga ishlatadi.

Yuqoridagi taxminiy hisob-kitob natijasi: Toshkentda jamoat transportida harakatlanish Nyu-York jamoat transportida harakatlanishdan ko’ra 2 barobar qimmatroq. Buni chuqurroq o’rganishim mumkin edi,adashgandirman, yoki Toshkentdagi oylikni $200 deb faraz qilmasdan aniq raqamni topishim mumkin edi, lekin konsultatsiya xizmati uchun haqni men olmayman-da!

Xullas, yangilikni ko’rgan o’quvchida yaqin kelajakda Toshkentda yo’lkira narxi oshar ekan degan fikr paydo bo’ladi. Meni havotirga soladigan narsa bu qarorlarlarning faqat ushbu yangilikda aytilgan taxlil va umumiy maxrajga keltirilmagan solishtiruv asosida qabul qilinishi. Shuning uchun, menimcha, nafaqat bu, balki shunga o’xshash hisobotlarning to’liq matnini jamoatchilikka e’lon qilinishi kerak, shunda yuqoridagi savollarga javob topilishi mumkin, biz bekorga havotir olayotgan bo’lishimiz mumkin. Konsultantga qancha to’langani ham jamoatchilik ma’lumoti bo’lishi kerak.

@uzbekonomics