Get Mystery Box with random crypto!

Boshqacha tabrik. Mamlakat mustaqilligi avtomatik ravishda un | Uzbekonomics

Boshqacha tabrik.

Mamlakat mustaqilligi avtomatik ravishda undagi insonlarning erkinligini anglatmaydi. Tashqi kuchdan mustaqil bo'linsa ham, insonlarning erkinligi ichki iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy sabablar tufayli cheklangan bo’lishi mumkin. Men hohlar edimki, biz mustaqillik kunini yilda bir marotaba nishonlab, faqat festival qilib, sherlar aytib emas balki yurtdoshlarimizning erkinligini har kuni, kundalik hayotida ko’rib, o’z boshimizdan o’tkazib turganimizni bayram qila olsak ana o’sha eng yuksak maqsad bo’lar edi deb o’ylayman. Men hozir erkin yashayapmanmi degan savolga javobni o’zingiz berishingiz kerak, men emas. Hamma bunga “Ha” deb javob bera olmasa kerak.

Yurtdoshlarimizda iqtisodiy erkinlik bo’lishini hohlayman. Bu har bir insonning o'z mehnati va mol-mulkini boshqarish huquqidir. Iqtisodiy erkin jamiyatda shaxslar qonun doirasida xohlagan tarzda ishlash, ishlab chiqarish, iste'mol qilish va sarmoya kiritish huquqiga ega bo’lishlari kerak. Balandparvoz gaplar, innovatsiyalar, kosmosni egallashlar emas balki iste’mol uchun oddiy tanlov erkinligi bo’lishini hohlayman. U avtomobil bo’lsin, maishiy texnika bo’lsin, ko’ptok bo’lsin, nima bo’lishidan qat’iy nazar, iste’molchining tanlovi sun’iy ravishda, masalan imtiyozlar orqali, bo’g’ilishi kerak emas. Aslida, iqtisodiy erkin jamiyatda hukumatning asosiy vazifasi shaxslar, bizneslar va ularning mulkini boshqalar tomonidan tajovuzdan himoya qilishdir, nizolarni sud orqali shaffof hal qilinishini ta’minlashdir, boshqa vazifalar mutlaqo ikkilamchi.

Erkinlik sari, yurtdoshlarimiz o’z soliqlarini taqsimlash jaroyonida eng muhim qatnashchi bo’lishlarini, uning ijrosini nazorat qilish, natijasi haqida baxslashish jarayonlarida faol qatnashishlarini hohlayman. Davlatning puli, direktorning puli, yoki rahbarning puli emas, balki bu soliq to’lovchining puli degan to’g’irlashlar ko’payishini hohlayman. Erkin insonlarlar yashaydigan erkin jamiyat bo’lamiz desak, siyosiy rahbarlarimizni, masalan hokimlarni, yurtdoshlarimiz o’zlari saylashlari, va xuddi shunday shaffof ovoz berish orqali kabinetdan olib tashlashlari faqat orzuda qolib ketmaydi deb umid qilaman. Va nihoyat, kambag’al mamlakatlar qatoridan tezroq chiqishimizni hohlayman.

Mustaqilligimiz abadiy bo’lsin, barchani mustaqillik kuni bilan tabriklayman! Lekin, erkinlikni nishonlash esa barchamizga har kuni nasib etishini tilayman. Huddi konstitutsiyamizning faqat qabul qilingan kunini emas, balki uni har kuni ishlab turganini bayram qila olishimizni tilaganim singari.

@uzbekonomics