Get Mystery Box with random crypto!

JANUBIY KOREYADA ALISHER NAVOIYGA HAYKAL O‘RNATILADI O‘zbekis | O’zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi

JANUBIY KOREYADA ALISHER NAVOIYGA HAYKAL O‘RNATILADI

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi tomonidan nafaqat turkiy tilli xalqlar, balki jahon madaniy merosiga munosib hissa qo‘shgan Mir Alisher Navoiy haykalini Seulning so‘lim go‘shalaridan biriga o‘rnatish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Qayd etish kerakki, bugungi kunda Alisher Navoiy haykali Tokio, Shanxay, Moskva, Boku, Minsk, Dushanbe kabi qator shaharlarda qad rostlab turibdi.

Koreya Respublikasi poytaxtida zamonaviy haykaltaroshlik usullari asosida bunyod etiladigan ushbu haykal ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yana-da mustahkamlab, madaniy aloqalarimizni kuchaytirishi shubhasiz.

Taʼkidlash joizki, buyuk mutafakkir, so‘z va g‘azal mulkining sultoni hazrat Mir Alisher Navoiyning boy maʼnaviy merosi asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib kelmoqda. Uning asarlari bashariyat qalbiga ezgulik, insonparvarlik, saxovat, mehr-muruvvat ziyosini taratmoqda.

Mamlakatimizda ulug‘ bobokalonimizga ehtirom ko‘rsatish, asarlarini o‘rganish, bebaho merosini dunyoda keng targ‘ib etishga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

Shu kunlarda nafaqat yurtimizda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi katta tantanalar bilan nishonlanyapti. Zero Alisher Navoiy bugun haqli ravishda jahon madaniyatining mumtoz vakillari qatoridan joy olgan. Uning asarlari yuzlab tillarga tarjima qilindi. Dunyo ahli uning merosi bilan qiziqmoqda, asarlarida tarannum etilgan olijanob g‘oyalar va falsafiy mushohadalaridan zavq olayapti.

Buyuk ajdodimiz yaratgan bebaho madaniy-maʼrifiy merosdan Janubiy Koreya jamoatchiligi ham bahramand bo‘lib kelmoqda.

Li Ji In, Janubiy Koreyaning Xangkuk chet tillari universiteti professori:

— Alisher Navoiyning tavallud ayyomini dunyo xalqlari uchun adabiyot bayrami desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Navoiy o‘zining serqirra ijodi bilan butun dunyoda ezgulikni, insonparvarlikni, yaxshilikni tarannum etdi.

Alisher Navoiy dunyo adabiyoti tarixida tengi topilmas siymo hisoblanadi. Isteʼdodining ulug‘vorligiyu teranligi jihatidan ham, xalqparvar davlat arbobi sifatida jamiyatda tutgan yuksak mavqei yuzasidan ham, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot ahliga ko‘rsatgan homiyligi jihatidan ham o‘xshashi yo‘q siymodir.

Janubiy Koreyada ham Alisher Navoiy ilmiy merosini, uning asarlarini o‘rganishga qiziqish katta. Chunki Navoiy merosi va uning asarlari XV asrdan hozirgi kungacha dunyo adabiyoti rivoji uchun xizmat qilib kelmoqda.

Seul shahrida Alisher Navoiy haykalini ochish borasida elchixona tomonidan olib borilayotgan ishlarni eshitish, bir pedagog sifatida meni xursand qildi. Chunki Navoiy haykalining Koreya Respublikasi poytaxtida qad rostlashi xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixi Buyuk ipak yo‘li rivojlangan asrlar qaʼriga tutashgan madaniy aloqalarimizni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi.