Get Mystery Box with random crypto!

Biz nima haqida juda ko'p gapirsak, o'sha narsaning bizda yo'q | O‘zbek 은혜 bilan

Biz nima haqida juda ko'p gapirsak, o'sha narsaning bizda yo'qligini his qilyapman.

Masalan, biz mo'min qobil xalqmiz, deymiz. Unday emas. Biz o'ta agressiv xalqmiz.
Maktablarga qarang. Hozir bormi bilmayman, lekin bizda sheflik tizimi bor edi. Sinfning birinchi shefi eng kuchlisi bo'lardi. Kuch esa yovvoyilik belgisi. Maktab bolalari bir-birlari bilan urushishga shu qadar tashna ediki...
Kollejda esa Enamqochdi qishlog'idagi bolalar Otamquvdi qishlog'idagi bolalar bilan mushtlashishardi. Sabab esa shunchaki sening boshqa qishloqdan ekanliging. Bolalarning ko'zida o'ta dahshatli, yovvoyi bir hirs, agressiyani ko'rardim.
Keyinchalik bu agressiya bahslardagi ochiqdan ochiq tajovvuzlarga aylandi. Biz kundalik bahslarda bir-birimizni gap bilan "yedirishni" shu qadar istaymizki, natijada bahs mavzusi qolib, darrov shaxsiyatga o'tamiz. Bir-birimizni qabullolmaymiz. Bularning bari biz g'or madaniyati bilan ulg'ayganimizdan dalolat.
Dastlab, oilamizda farzand sifatida ota-onamiz bizning fikrlarimizni bir tiyinga olmagani uchun zaruriy hurmatni maktabda ko'rmoqchi bo'lamiz. To'g'rida, dadamiz bizni tinglamaydi. Demak, maktabda bir bolani urib, uni meni tinglashga majbur qilishim kerak. Keyinchalik bu oilada ko'rmagan hurmatimizni jamiyatdan izlashga tushamiz. Hurmat va e'tiborga, eshitilishga bo'lgan tug'ma ochlik bostirilgani sari agressiyaga aylanadi va biz atrofimizdagilarga zaharimizni sochmoqchi bo'lamiz.
Bugun diniy bahslarga bir qarang. Oilasi tomonidan bir burchakka lattadek otilgan yuzlab bechoralar alamini qarshisidagi odamdan olmoqchi bo'ladi. İmkon berilsayu shuni g'ajib tashlasa.
Bundan tashqari, davlat tomonidan eshitilmaslik mensilmaslik ham bizda xo'rlanganlik kompleksini yaratadi.
Agar qarshingizda har bir qanday yangi qarashga qarshi, o'zinikini o'tkazishga uringan, sizning fikringizni yerga urib, rohatlanayotgan bir tip ko'rsangiz, unga achining. U oilasi tomonidan eshitilmagan, borligini isbotlolmagan, shaxsiyatini tamomlolmagan majruh, xolos. Buni o'zi ham biladi. Majruhligini o'zidan ham yashirish uchun, qara, mening ham fikrim bor va u to'g'ri, deyish uchun sizni kamsitmoqchi bo'lyapti.
Xulosa o'laroq, bolalaringizni tinglang. Ularning fikriga hurmat bilan yondoshing. Shunda u madaniyatli shaxs bo'lib yetishadi.

Mirzohid

@bobil_kutubxonasi